19.04.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In rafiqalari bilan birga ikki mamlakat san’at ustalarining konsert dasturida ishtirok etdi.
Oliy martabali mehmon sharafiga tashkil etilgan ushbu konsertda yurtimiz san’atkorlari, koreys madaniyat markazi a’zolari va Janubiy Koreyadan kelgan ijodiy guruhlar qatnashdi.
Ma’lumki, yurtimizda bir yuz sakson mingdan ziyod koreys millatiga mansub fuqarolar yashaydi. Ular mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishda katta rol o‘ynamoqda.
Ertaga Toshkentda Koreys madaniyati va san’ati uyi ochiladi. U koreys xalqining madaniy merosini saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Konsertda o‘zbek va koreys milliy kuy-qo‘shiqlari ijro etildi. Ularda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy hamkorlik yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Prezidentlar konsert ishtirokchilari bilan esdalik uchun suratga tushdi.