13.02.2017
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 10-11-fevral kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari 10-fevral kuni qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, meva-sabzavot va paxtani qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari loyihalari bilan tanishdi, yangi namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uy-joylarda bo‘lib, odamlar bilan suhbatlashdi. Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu tadbirlarda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturidagi maqsad-vazifalar o‘z ifodasini topdi.
Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kunini Termiz shahrida perinatal markazini kengaytirish, urologiya va oftalmologiya markazlarini tashkil etish loyihalari bilan tanishishdan boshladi.
Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimi tubdan isloh etilmoqda. Kasalliklarni profilaktika qilish va samarali davolash maqsadida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini takomillashtirilmoqda, joylarda zamonaviy shifoxonalar tashkil etilmoqda.
Surxondaryo viloyati perinatal markazi investitsiya dasturi asosida 2011-2012-yillarda rekonstruksiya qilingan. Endi markazni yanada kengaytirib, uning tarkibida maslahat poliklinikasi tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Bu poliklinika xotin-qizlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, nuqsonli tug‘ilishlarning oldini olish, tibbiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazining Termiz filiali Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida tashkil etiladi. Bu bemorlarni qabul qilish imkoniyatini, urologik kasalliklarni aniqlash va davolash samaradorligini oshiradi. 415 o‘rinli yangi markazda zarba-to‘lqinli litotripsiya, teri orqali endourologiya kabi zamonaviy muolajalar amalga oshiriladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirirurgiya markazining Termiz filiali katarakta, glaukoma, diabetik retinopatiya kabi kasalliklarni erta aniqlash va bemorni samarali davolash imkonini yaratadi. Telemeditsina orqali Ko‘z mikroxirirurgiya markazi bilan maslahatlashuv yo‘lga qo‘yiladi. Avtobusda mobil oftalmologik majmua tashkil etilib, olis qishloqlarda tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi. Ilgari ginekologik, urologik, oftalmologik kasalliklarga uchraganlar ko‘pincha Toshkentga borib davolanar edi. Mazkur loyihalar amalga oshirilgach, bemorlar viloyatning o‘zida zamonaviy texnologiyalar yordamida davolanadi.
Prezidentimiz ushbu tibbiyot markazlari loyihalari bilan tanishar ekan, uzoq va aholi ko‘p yashaydigan tumanlarda ularning bo‘limlarini tashkil etish, odamlarni ovora qilmaslik uchun joylarda ko‘riklar o‘tkazish, tibbiy va ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish zarurligini ta’kidladi. Kadrlar tayyorlash, ushbu markaz va qishloqlardagi shifokorlarning malakasini oshirish, ularga tajribali shifokorlarni jalb etish, ajratilgan mablag‘lar va tibbiy uskunalardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tibbiyotning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham shunday markazlar, xususan, kardiologiya va bolalar kasalliklariga ixtisoslashgan klinikalar tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida bunyod etiladigan ko‘p qavatli uy-joylar, dehqon bozori va savdo kompleksi, zamonaviy istirohat bog‘i loyihalari bilan tanishdi.
Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi qaroriga muvofiq Termiz shahrida yetti qavatli 34 arzon uy-joy bunyod etilishi belgilangan. Bunday uylar aholi, ayniqsa, ehtiyojmand oilalarning uy-joyga bo‘lgan talabini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan ikki, uch va to‘rt xonali beshta uy Sulton Saodat ko‘chasida bunyod etilmoqda. 210 xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy uylar uchun o‘n gektar yer ajratilgan. Loyihaga ko‘ra, bu yerda ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari, mahalla markazi quriladi.
Shavkat Mirziyoyev yangi uylarni eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligigacha foydalanishga topshirish, ularda aholining yashashi uchun barcha sharoit yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Termiz shahrining Navoiy ko‘chasida quriladigan dehqon bozori va savdo kompleksi loyihasiga 40 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Kompleksda dehqon bozori pavilyonlari, ikkita ko‘p qavatli zamonaviy supermarket, avtomobillar to‘xtash joyi qurish va yil oxirigacha foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.
Bunday yirik obyektlarni barpo etishdan maqsad xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish, aholiga savdo va xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirishdan iborat, dedi davlatimiz rahbari. Buning uchun kompleksni zamonaviy arxitektura talablari asosida qurish, atrofini obodonlashtirish, odamlarga qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratish zarur.
Barkamol avlod va At-Termiziy ko‘chalari kesishgan joyda yoshlar bog‘i barpo etiladi.
Prezidentimiz mazkur bog‘ni shahar aholisi farzandlari bilan sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan maskanga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan loyihani yana bir bor sinchiklab ko‘rib chiqish lozimligi qayd etildi.
Bu maskanda shunday sharoit yaratish kerakki, unga kelib farzandlarimizning tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarsin, ma’naviyati boyisin, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu maqsadda bog‘ning konsepsiyasida qulaylik va madaniyat uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratish zarur. Istirohat bog‘i atrofida avtomobillar tirbandligining oldini olish, hududdan oqib o‘tuvchi kanal bo‘yida odamlar dam oladigan joylar barpo etish lozim. Bularning barchasi ushbu maskanda tartib va sarishtalik, fayz hukm surishiga xizmat qilsin.
Davlatimiz rahbari Surxondaryo daryosi bo‘yida bunyod etilayotgan “Amudaryo” bolalar sog‘lomlashtirish markazi, bu yerda tashkil etiladigan infratuzilma obyektlari loyihasini ham ko‘zdan kechirdi.
Prezidentimiz Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi qurilishi bilan tanishdi.
Xalqimiz madaniyatini yuksaltirish, yosh avlod ma’naviyatini boyitish va ularni azaliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash millatimizga xos yuksak fazilatdir. Bugungi kunda mamlakatimiz hududlarida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari zamirida ham ana shunday ezgu maqsadlar mujassam.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Yangi axborot-kutubxona markazining loyiha qiymati 7 milliard 600 million so‘m. Bu yerda 223 mingdan ortiq kitob fondiga ega o‘quv zallari, multimedia mahsulotlarini qayta ishlash uchun media-studiyalar, ma’lumot almashish imkoniyatini beruvchi videotarmoq zallari barpo etilayotir.
Zamonaviy inshootning foydalanishga topshirilishi viloyat yoshlari salohiyatini yuksaltirib, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, izlanuvchan o‘quvchilar va talabalarning ilmiy-ommabop, badiiy, tarixiy, tarbiyaviy-ma’rifiy adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
Markazda mutolaa muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratish lozim, dedi Prezidentimiz. O‘quvchilarga barcha qulayliklarni yaratish, zamonaviy “bookcafe” faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak. Bu yerda odamlar nafaqat bilimini boyitishi, balki madaniyat va ma’naviyatdan ham bahramand bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari Termiz shahri markazida bunyod etilayotgan “Baxt” bog‘i va muhtasham San’at saroyi loyihalari bilan ham tanishdi. 32,2 gektar maydonda qurilayotgan bog‘da San’at saroyi bilan birga zamonaviy amfiteatr, “Alpomish” yodgorligi va xotira xiyoboni, bolalar maydonchalari va stadionlar barpo etiladi. Bu yerga tutash hududda yapon bog‘i va Surxondaryoning arxeologik yodgorliklarini o‘rganishga katta hissa qo‘shgan professor Kato muzeyini ham qurish rejalashtirilgan.
Bog‘da yashil hududlarni kengaytirish, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish borasida muhim tavsiyalar berildi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 22-maydagi qaroriga muvofiq barpo etilayotgan San’at saroyi milliy me’morlik va zamonaviy arxitektura ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Uni qurib, foydalanishga topshirish uchun davlat byudjetidan 132 milliard 238 million so‘m sarflanadi. Murakkab konstruksiyali, noyob qurilish materiallaridan foydalangan holda bunyod etilayotgan 700 o‘rinli San’at saroyi va 1,5 ming o‘rinli amfiteatrda pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Mazkur majmua tom ma’noda madaniyat va ma’rifat maskani bo‘lishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. Inshootni jahon standartlariga mos jihozlash, bu yerda aholining madaniy dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratish muhim ahamiyatga ega.
Quruvchi va mutaxassislarga zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishi, maqsad-muddaolari amalga oshirilishini ta’minlaydigan tizim yaratilmoqda. 2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani, davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingani ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Mazkur farmonga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, har bir tuman va shaharda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasida ham fuqarolar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Murojaatlarni qabul qilish, tibbiyot, ona va bola xonalarida zarur sharoitlar tashkil etilgan. Qabulxona huquqiy adabiyotlar, zarur ma’lumotlar va axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan.
Qabulxonaga kiraverishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», degan so‘zlari bitilgan. Muassasa faoliyati ana shu mezon asosida yo‘lga qo‘yilgan. Qabulxona At-Termiziy maydoni, 2-uyda joylashgan.
Xalq qabulxonalarini tashkil etishdan maqsad – jamiyatimizdagi adolat poydevorini yanada mustahkamlashdir, dedi Prezidentimiz. Hokim va mutasaddi rahbarlar bu yerda xalq bilan muloqot qilishi, har bir murojaat o‘z yechimini topishi kerak. Aholini qiynayotgan masalalarni tahlil qilish orqali qonun hujjatlarini takomillashtirib boramiz.
Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “Janub tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Amudar Teks” O‘zbekiston – Angliya qo‘shma korxonasi hamda Sherobod tumanida barpo etiladigan “Sherobod textile invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlariga jahon bozorida talab ortib bormoqda. Surxon vohasining tabiiy iqlim sharoiti xaridorgir to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan xomashyo yetishtirish uchun juda qulay. Viloyat mirishkorlari paxta parvarishida boy tajriba to‘plagan. Yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, xorijiy sarmoyadorlarga qator imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilayotgani to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir. Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mahalliy sharoitda yetishtirilgan sifatli paxta tolasidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
“Janub tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etiladigan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxona ishga tushirilishi 350 ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Korxonada yiliga 5 ming tonnadan ortiq ip-kalava ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
2018-yilda ishga tushiriladigan “Amudar Teks” O‘zbekiston –Angliya qo‘shma korxonasi yiliga 7 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Bu yerda 300 kishi ish bilan ta’minlanadi. 10 million dollardan ortiq qiymatdagi to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilinadi.
“Sherobod textile invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘rnatiladigan zamonaviy texnologiyalar yiliga 17 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Korxona qurilishiga 46 million dollar mablag‘ sarflanadi. Sherobod tumanining “Seplon” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etiladigan korxona ishga tushirilishi bilan 700 kishi ish bilan band bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari mazkur sanoat korxonalari paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishda istiqbolli loyihalar bo‘lib, viloyat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shu yerda Termiz tumanida maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash korxonasi loyihasi ham namoyish etildi.
Prezidentimiz Termiz shahrida barpo etilayotgan g‘o‘zapoya va qamishdan plita (DSP) ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi.
Bunyodkorlik va obodonlashtirish mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligining ifodasidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu bois arzon va sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarishga, bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berish zarur.
"Termiz ta’minot" mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida barpo etilayotgan korxonada yiliga 30 ming kubmetr DSP mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 4,2 gektar maydonda 2,9 million dollar evaziga qad rostlaydigan yangi majmuada 160 ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari shu yerning o‘zida “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va “Komfort inert servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tashkil etilayotgan granit va gabbro toshlaridan qurilishbop pardozlash plitalari ishlab chiqarish, Termiz mexanika zavodini kengaytirish loyihalari bilan ham tanishdi.
Yiliga 80 ming kvadrat metr granit mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladigan pardozlash plitalari korxonasida 205 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan Termiz mexanika zavodini kengaytirish loyihasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini arzon, sifatli asbob-uskuna va ehtiyot qismlar bilan ta’minlaydi. Fermer xo‘jaliklari va sohaga ixtisoslashgan korxonalarning elektr dvigatellari, asbob-uskuna va jihozlarini, nasoslarni sifatli ta’mirlaydi. Meva-sabzavot mahsulotlarini tozalab quritadigan qulay va ixcham texnologiyalarni ishlab chiqarib, fermerlarga yetkazib beradi.
Yangi korxonaning to‘la quvvat bilan ishga tushirilishi viloyatda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash ko‘lamini kengaytirib, zamonaviy usulda qadoqlash va iste’molchilarga yetkazib berishda muhim omil bo‘ladi. Korxonada 80 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari yangi korxonalarni zamon talablariga mos texnologiyalar bilan jihozlash, mahsulotlarni nafaqat ichki bozorga, balki eksportga yo‘naltirish choralarini ko‘rish lozimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi, safar davomida belgilab berilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar, odamlar bilan samimiy muloqotlar voha xalqiga katta xursandchilik bag‘ishladi, ularni yangi marralar sari ruhlantirmoqda.