29.03.2019
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Buxoro Varnet” xorijiy korxonasi tomonidan Buxoro tumanida barpo etilayotgan innovatsion issiqxona hududida boʻldi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 10-iyuldagi qaroriga muvofiq viloyatning beshta tumanida “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan. Ularda gidroponik issiqxonalar barpo etish orqali eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish moʻljallangan.
Bugungi kunda erkin iqtisodiy zona uchun 3 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Joriy yilda 598 gektar yerda 98 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ular doirasida energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etilib, mahsulotlarni saqlash va qadoqlash uchun ekologik toza qutilar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, 4 ming 300 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Qoʻshni davlatlarga 64 million dollarlik mahsulot yetkazib beriladi.
Xususan, Turkiya investitsiyasi ishtirokidagi “Buxoro Varnet” korxonasi tomonidan 115 gektar maydonda oynavand issiqxona qurish rejalashtirilgan. Buning afzalligi shundaki, oyna quyosh nurini 97 foizgacha oʻtkazadi, uzoq yillar foydalaniladi. Issiqxonada har gektarda 300 tonnadan 560 tonnagacha pomidor yetishtiriladi, mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Hozirda 30 gektar maydonda issiqxona qurilmoqda. Turkiyadan uskunalar keltirilmoqda.
Korxona 2019-2021-yillar davomida bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Shu yerda Buxoro viloyatida meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, qayta ishlash va tashqi bozorga yetkazib berishga qaratilgan loyihalar taqdimotlari ham oʻtkazildi.
Prezidentimiz Buxoro viloyatida oʻzlashtirilmagan yerlar koʻpligi, xorij tajribasi va texnologiyasi asosida ulardan foydalanib, bozorbop mahsulotlar yetishtirishni yoʻlga qoʻyish kerakligini taʼkidladi. Mutasaddilar va xorijlik investorlar bilan suhbatlashib, zarur koʻrsatma va tavsiyalar berdi.