25.03.2019
Abu-Dabi shahridagi “Qasr al-Vatan” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari davlat madhiyalari yangradi.
Шундан сўнг икки давлат расмий делегацияларининг кенгайтирилган таркибдаги музокаралари бошланди.
Shavkat Mirziyoyev samimiy qabul va yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizning diniy-maʼnaviy qadriyatlari mushtarak ekani, bu ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmat ruhidagi hamkorlikni rivojlantirishga asos boʻlishini taʼkidladi.
Birlashgan Arab Amirliklari tarixan qisqa davrda – ellik yilda sahro qoʻynida moʻjiza yaratib, iqtisodiyot, innovatsiya, savdo, moliya va turizm boʻyicha dunyo markazlaridan biriga aylanganini, Oʻzbekiston shu sohalarda hamkorlik qilish va tajriba almashishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Muhammad bin Zoid Ol Nahayon Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 25-oktyabrda oʻrnatilgan. Yaqinda ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisi tayinlandi.
Yurtimizda BAA investitsiyalari ishtirokida 107 ta korxona faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu mamlakat firma va kompaniyalarining 28 ta vakolatxonasi ochilgan. Ular asosan toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, meva konservalari, poligrafiya, ulgurji savdo, umumiy ovqatlanish tarmoqlari, xizmat koʻrsatish yoʻnalishlarida ish olib bormoqda.
2018-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi qariyb 400 million dollarni tashkil etgan.
Davlatimiz rahbari bu koʻrsatkich avvalgi yillarga nisbatan oʻsgani, lekin tomonlarning salohiyatini hisobga olganda, yetarli darajada emasligini taʼkidladi. Shu bois muzokaralarda ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, innovatsion, bank-moliya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama etildi.
Joriy yil 12-mart kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-BAA hukumatlararo komissiyasining uchinchi yigʻilishi natijalari ijobiy baholandi. Hukumatlararo komissiya oldiga yaqin yillarda oʻzaro savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, buning uchun tovar yetkazib berishni koʻpaytirish, xomashyoni qayta ishlash va qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasida ham ulkan salohiyat bor. Amirliklar aholisi buyuk allomalarimiz maqbaralarini ziyorat qilish, tabiatimiz manzaralaridan bahra olishga orzumand. Oʻtgan yili BAAdan yurtimizga kelgan sayohatchilar soni 1,5 barobar oʻsgan.
Prezidentimizning yaqinda imzolangan farmoniga muvofiq, yurtimizda Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi. Bu Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida nafaqat turizmni rivojlantirish, balki savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlikni yanada faollashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralardan soʻng ikki tomonlama imzolangan hujjatlarni almashish marosimi boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi va BAA oʻrtasida Qoʻshma bayonot qabul qilindi. Investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, bojxona maʼmuriyatchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik boʻyicha imzolangan hujjatlar almashildi. Umuman, tashrif doirasida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuvlarga erishilgani maʼlum qilindi.
Shundan soʻng, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Samimiy muloqot chogʻida siyosat, investitsiya, xavfsizlik sohalari yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika va infratuzilma yoʻnalishida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish, fan-texnologiya va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.