21.03.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, jamoat arboblaridan Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Xitoy xalqining bahor bayrami munosabati bilan yoʻllagan qutlovingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Xitoy hukumati va xalqi nomidan, shaxsan oʻz nomimdan Sizni Oʻzbekiston xalqining anʼanaviy bayrami - Navroʻz bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Sizga mustahkam sogʻlik, davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizga zafarlar tilayman!
Doʻst Oʻzbekiston xalqi baxtli va farovon boʻlsin!
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni va butun Oʻzbekiston xalqini xalqlarimiz uchun mushtarak boʻlgan Navroʻz bayrami bilan chin yurakdan tabriklayman!
Insoniyatga ezgu qadriyatlar ulashuvchi, odamlarni dini va tiliga qarab ajratmaydigan, tinchlik va birdamlikka daʼvat etuvchi ushbu ayyom qardosh xalqlarimizga oʻz hayotbaxsh kuchini ato etsin, koʻp shodliklar va baxt-saodat olib kelsin.
Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik bundan buyon ham mustahkam doʻstlik va sheriklik asosida izchil rivojlanishiga ishonchim komil.
Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinch-farovon hayot va ravnaq tilayman.
Eng ezgu tilaklar ila,
Nursulton Nazarboyev,
Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Qirgʻiziston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va butun Oʻzbekiston xalqini bahor ayyomi - Navroʻz bilan samimiy muborakbod etaman!
Bahorgi tengkunlik bilan bogʻliq ushbu yorqin bayram Markaziy Osiyo xalqlari tomonidan keng nishonlanmoqda.
Ushbu bahor ayyomi davlatlarimiz va har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, bitmas-tuganmas kuch-quvvat va farovonlik olib kelsin. Xalqlarimizga esa qut-baraka, tinchlik va birdamlik olib kelsin!
Strategik sheriklik, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan oʻzaro manfaatli hamkorligimiz Qirgʻiziston va Oʻzbekiston xalqlarining manfaatlari yoʻlida bundan buyon ham jadal rivojlanib borishiga qatʼiy ishonaman.
Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Sooronbay Jeenbekov,
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni va birodar Oʻzbekiston xalqini bahorgi tengkunlik va sharqona Yangi yil – fayzli Navoʻz bayrami bilan qutlayman!
Ezgulik va bunyodkorlik qadriyatlarini targʻib etuvchi bu bayram uni anʼanaviy ravishda nishonlaydigan xalqlar va mamlakatlar tashqarisida ham keng tarqalib, sayyoramizning turli burchaklarida istiqomat qilayotgan insonlar uchun ham qadrli boʻlib qolgani, xalqlarimiz uchun mushtarak bu qadimgi ayyom xalqaro hamjamiyatda keng koʻlamda va koʻtarinki kayfiyat bilan nishonlanayotgani bizni quvontiradi.
Aminmanki, mamlakatlarimiz Navroʻzning yuksak maʼnaviy qadriyatlari – doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonch, bagʻrikenglik, ezgulik va oʻzaro anglashuvga tayanib, bundan buyon ham doʻstona aloqalar va keng koʻlamli oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashda davom etadi.
Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat hamda Oʻzbekistonda ijtimoiy rivojlanish va taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida yangi zafarlar, qardosh xalqingizga esa tinchlik, xotirjamlik va farovonlik tilayman.
Hurmat ila,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich, qadrli qardoshim!
Xalqaro Navroʻz ayyomi munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yoʻllash menga sharaf bagʻishlaydi.
Butun insoniyat boy madaniy merosining ajralmas qismi sifatida eʼtirof etilgan Navroʻz bayrami tabiat uygʻonishi, hayot tantanasi va bahoriy koʻrkamlikni ifodalaydi.
Oʻzaro hurmat, tinchliksevarlik va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalarini oʻzida mujassam etgan ushbu qutlugʻ ayyom xalqlar oʻrtasida birdamlik va doʻstlikni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega.
Ushbu fayzli bayram Siz va qardosh Oʻzbekiston xalqiga shodlik, farovonlik va ravnaq olib kelsin!
Chuqur hurmat ila,
Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Ozarbayjon xalqi nomidan va oʻz nomimdan Sizni va Siz orqali butun Oʻzbekiston xalqini Navroʻz bayrami bilan samimiy qutlayman.
Tabiat uygʻonishi ramzi boʻlmish ushbu bahoriy ayyom qalblarga shodlik bagʻishlab, odamlarni doʻstlik, ezgulik va birdamlikka chaqiradi.
Xalqlarimiz irodasi bilan, Navroʻzning qadimiy anʼanalariga tayangan holda, biz bundan keyin ham Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalarini birgalikda mustahkamlab borishimizga ishonaman.
Ushbu qutlugʻ kunlarda Sizga mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa abadiy tinchlik va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Yangi 1398-hijriy-shamsiy yil va Navroʻz xalqaro bayramining kirib kelishi munosabati bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi xalqi va shaxsan oʻz nomimdan Siz, Janobi Oliylariga va birodar Oʻzbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Qadimiy va mushtarak madaniy anʼanalarimizdan biri hisoblangan Navroʻz xalqaro bayrami mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yangi yilning kirib kelishi bilan ellarimiz va ushbu buyuk merosdan bahramand barcha davlatlarning birodar xalqlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yanada kengayib borishiga umid qilaman.
Fursatdan foydalanib, ushbu ayyom bilan yana bir bor muborakbod etgan holda, Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va muvaffaqiyatlar, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik tilab qolaman.
Muhammad Ashraf Gʻani,
Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
Goʻzal bahor yana chehrasini ochib, hijriy-shamsiy 1398-yil boshlanishi va qadimiy Navroʻz kirib kelishi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylarini muborakbod etayotganimdan cheksiz mamnunman.
Borliq uzra Navroʻzi olamning quvonchlik navolari taralib, atrof yam-yashil maysalaru gullarga burkangan holda tabiatning jonlanishi, musaffo osmon boʻylab qardirgʻochlar chugʻurlashi – barcha-barchasi Parvardigorning qudratini namoyish etib, eski-tuskilardan qutulish, qish sovugʻini unutish, goʻzallikning yangilanishi va mehribonlik ayyomi kelganidan darak beradi.
Umidim shulki, yer bagʻri isib, tabiat uygʻonishi bilan odamlarning oʻy-fikrlari va qarashlari ham yon-atrofiga uygʻun ravishda yanglilansin; bahoriy mushfiqlikdan ilhomlanib, bir-birlariga yanada mehr-shafqatli, oqibatli boʻlishsin, yangi yilni osoyishtalik, xotirjamlik va ishqu muhabbatda boshlashsin; biz, davlat rahbarlari esa, bahoriy shaydolik epkinlaridan ruhlanib, xalqlarimiz oʻrtasida mustahkam tinchlik va birdamlik sharoitini yaratib, xalqlarimizga toʻkin-sochinlik, kun sayin gullab-yashnash neʼmatini tortiq qilaylik.
Xudovandi karimdan Siz, Janobi Oliylariga va doʻst Oʻzbekiston xalqiga yangi yilda yangi orzu-umidlar, quvonch va farovon hayot tilab qolaman.
Hasan Ruhoniy,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
Shuningdek,
Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud
Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Bosh vaziri oʻrinbosari, mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri oʻrinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon
Afgʻoniston Islom Respublikasi Hukumati Ijroiya kengashi raisi Abdulla Abdulla
Falastin Prezidenti, Falastin ozodlik tashkiloti Ijroiya qoʻmitasi raisi Mahmud Abbos
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda va boshqalar tabrik yoʻllagan.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.