20.03.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Kasim-Jomart Tokayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Kasim-Jomart Tokayevni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgani munosabati bilan samimiy tabriklab, davlat rahbari lavozimidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Bu Qozogʻistonning atoqli oʻgʻloni, Birinchi Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyevning, butun Qozogʻiston xalqining yangi Prezidentga ishonchi yuksak ekanining navbatdagi yorqin dalilidir.
Qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari izchil mustahkamlanayotgani, strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichda rivojlanib, koʻp qirrali amaliy hamkorlik kengayib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilingan oʻtgan yilda tovar ayirboshlashning rekord koʻrsatkichlariga erishildi, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirildi, ikki mamlakat biznesi va hududlari darajasidagi muloqot, jumladan, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Joriy yilda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Qozogʻiston yili doirasida tadbirlarga boy qoʻshma reja qabul qilindi.
Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni keng miqyosda amalga oshirish muhim ekanini qayd etdilar.
Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Kasim-Jomart Tokayev samimiy tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Muloqot soʻngida davlat rahbarlari bahor ayyomi – Navroʻz munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch ruhidagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi, butun mintaqa tinchligi va ravnaqi yoʻlida keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirish borasida intilishlari qatʼiy ekanini tasdiqladilar.