15.03.2019
Mamlakatimiz jamoatchiligi judolikka uchradi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, davlat va jamoat arbobi Mirabror Usmonov shu yil 15-mart kuni ogʻir xastalik tufayli vafot etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev marhum xonadoniga tashrif buyurib, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi.
Mirabror Zufarovich Usmonov 1947-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Koʻp yillar iqtisodiyot, savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida turli lavozimlarda samarali faoliyat olib borgan, 1994-2005-yillarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari sifatida isteʼmol mollari ishlab chiqarish va savdo tarmoqlariga rahbarlik qilgan.
M.Usmonov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidagi koʻp yillik faoliyati davomida bilimi, katta hayotiy tajribasi bilan qonunlar ishlab chiqilishida faol ishtirok etdi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti sifatida mamlakatimizda sportni rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi.
Mirabror Usmonovning koʻp yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, “Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” va “Doʻstlik” ordenlari hamda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.
Davlatimiz rahbarining marhum xonadoniga tashrifi xalqimizga xos olijanoblikning, mamlakat rivojiga hissa qoʻshgan insonlarga ehtiromning yana bir ifodasi boʻldi.
Qurʼon tilovat etilib, marhumning haqiga duo qilindi.
Prezidentimiz marhumning ezgu ishlarini yodga oldi.
– Mirabror Usmonov mustaqilligimizning ogʻir-yengil kunlarini tortgan, xalqimizga, Vatanimizga katta xizmatlar qilgan ulugʻ inson edi. Odamlarga qoʻlidan kelgancha yaxshilik qilardi. Oilasiga, yurtiga, davlatga sadoqatli edi. Keyingi paytlarda sogʻligi yaxshi boʻlmasa ham Senatning hamma majlislarida qatnashishga harakat qildi, foydam tegsin derdi, – dedi davlatimiz rahbari.