28.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumanida barpo etilayotgan “Chortoq resorts” sanatoriy-sogʻlomlashtirish markazi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining har bir hududning xususiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, yangi korxonalar tashkil etish, ish oʻrinlari yaratishga oid topshirigʻiga asosan kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.
“Chortoq resorts” sanatoriysi qurilayotgan adirlik ham yaqin-yaqingacha qarovsiz joy edi. Mahalliy tadbirkor va xorijiy investorlarning jami 25 million dollarlik sarmoyasi evaziga bugun bu yerda 15 gektardan ziyod maydonda zamonaviy oromgoh bunyod etilmoqda.
Bu viloyatda tibbiyot turizmi hamda ekoturizmni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi. Sanatoriyning yod, brom, tabiiy radon va boshqa minerallarga boy shifobaxsh suvi tayanch-harakat aʼzolari, yurak-qon tomir va asab tizimlari, endokrinologik va teri kasalliklarini davolashda yaxshi samara beradi. Oromgoh 230 oʻrinli boʻladi. 250 kishi ish bilan taʼminlanadi.
Markazga ushbu ixtisosliklar boʻyicha eng malakali shifokorlarni jalb etish, shartnoma asosida germaniyalik mutaxassislar ishtirokida tibbiy koʻriklar tashkil etish rejalashtirilgan.
Hozirda davolash va yotoq binolari, oilaviy dam oluvchilar uchun kottejlar, standart va lyuks xonalar boʻladigan mehmonxona barpo etilgan. Hovli va yoʻlaklarni yoritish uchun quyosh panellari oʻrnatilgan.
Yana bir eʼtiborli jihati, oromgohda ippoterapiya yoʻlga qoʻyiladi. Bu tayanch-harakat aʼzolari va kichik tos kasalliklarini davolashga yordam beradi. Shu maqsadda hozirda otxona, ochiq va yopiq manejlar qurilmoqda.
Shuningdek, soy suvidan samarali foydalanib, baliq yetishtirish maqsadida toʻrtta hovuz barpo etilgan. Ularda sanatoriy oshxonasi uchun baliq boqish bilan birga dam oluvchilarning baliq tutib, hordiq chiqarishi uchun ham sharoit yaratiladi.
Prezidentimiz ushbu sogʻlomlashtirish markazida yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Chortoqda yana koʻplab sanatoriylar tashkil etish, ularni arzon, oʻrta va qimmat tarzda tasniflash orqali aholining barcha qatlamlarini qamrab olish, raqobatni taʼminlash orqali xizmat narxini tushirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
– Bizning mintaqamizda yod tanqis. Shu jihatdan Chortoqning yodga boy suvi xalqimiz uchun juda foydali. Lekin bu joyni koʻpchilik bilmaydi, baʼzilar yoʻl uzoqligidan qiynaladi. Shuning uchun mamlakatimizning hamma joyidan, birinchi navbatda, Qoraqalpogʻiston va Xorazmdan odamlarni bu yerga olib kelish kerak. Xalqimiz, ayniqsa, bolalarimizning salomatligi biz uchun eng muhimi. Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun ham sogʻlom zurriyod kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari “Chortoq mineral water” masʼuliyati cheklangan jamiyati quvvatini kengaytirish loyihasi bilan tanishdi. Shishaga suv qadoqlashni yiliga 20-30 million donagacha oshirib, ularni yurtimizdagi barcha bogʻchalar, yozgi oromgohlar, shifoxonalar, ijtimoiy dorixonalar, supermarketlarga yetkazib berish zarurligini taʼkidladi.
Shu yerda Chortoq shahrini ekologik shaharga aylantirish, Jahon banki bilan hamkorlikda oʻrta shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida Chortoq markazini qayta qurish, Namangan aeroportini kengaytirish va shaharlararo avtobuslar qatnovini tartibga solish, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida aholi bandligini taʼminlash kabi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.