19.02.2019
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurib, Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishdi.
“Mirzachoʻl tajribasi” asosida Xovos shaharchasining yangi markazi bunyod etilishi rejalashtirilgan. M-39 avtomobil yoʻli boʻyidagi 42 gektar hududda kompleks qurilish ishlari loyihalashtirilgan. Unga muvofiq, bu yerda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bogʻi, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi. Yoʻl infratuzilmasi rivojlantirilib, aholi va transportlar uchun qulayliklar yaratiladi.
Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta koʻp qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Endi har yili yangi koʻp qavatli uylar barpo etilib, aholining ijtimoiy sharoitlari bosqichma-bosqich yaxshilanib boradi. Oilaviy sharoiti yaxshilangan insonning umidi, ertangi kunga ishonchi ham ezgu boʻladi.
Shu maqsadga xizmat qiladigan yana bir xayrli tashabbus: “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatida 32 ta tikuvchilik majmualari tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sexlar asosan kam taʼminlangan va nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga moʻljallangan boʻlib, jami 4 ming 200 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz shu yerda xovoslik nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bilan suhbatlashdi.
Mamlakatimizda katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotgani, davlat bilan birga odamlar ham uygʻonishi, farovon yashashga intilishi kerakligi taʼkidlandi. Xovosliklar viloyat rivoji, aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan yangi rejalardan xursand ekanini bildirdi.