17.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportining toʻlaqonli rivojiga toʻsqinlik qilayotgan gʻovlarni bartaraf etish, eksport faoliyatining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini takomillashtirish, shuningdek, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishning kompleks tizimini tashkil etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligining quyidagi tartibni belgilash toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin:
yuridik shaxslar – meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlari eksportini dastlabki toʻlovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sugʻurta polisisiz amalga oshirish huquqiga egadirlar;
yuridik shaxslar – meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushumlarni oʻz vaqtida taʼminlamagan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda 100 foizlik oldindan toʻlov olish talablari ularga qoʻllangan holda nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reyestriga kiritiladilar;
tadbirkorlik subyektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega boʻlmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga egadirlar. Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlarning meva-sabzavot mahsulotlari eksport tushumlariga yagona soliq toʻlovi toʻlanishini nazarda tutuvchi soliqqa tortish tartibi qoʻllaniladi;
eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona koʻrigidan oʻtkazilmaydi, bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno. Bunda hujjatlarda mavjud maʼlumotlarning ishonchliligi, shuningdek, tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan noqonuniy olib oʻtish uchun eksport qiluvchi javobgardir;
tadbirkorlik subyektlari oʻzlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha infratuzilma obyektlari qurish uchun yengil konstruksiyalarni qurish yuzasidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishlari mumkin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha infratuzilma obyektlari qurish uchun yengil konstruksiyalarni qurish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda mazkur qarorning 1-bandi talablarini hisobga olgan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi takomillashtirilishini taʼminlasin.
3. Belgilansinki, meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari vakolatli davlat organlariga tovar-yoʻl hujjatlaridagi meva-sabzavot mahsulotlari boʻyicha haqiqatda amalga oshirilgan eksport operatsiyalari yuzasidan ishonchli maʼlumotlar taqdim etganliklari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushadigan tushumlar muddatlarini buzganliklari uchun javobgardirlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligiga quyidagi qoʻshimcha funksiyalar yuklatilsin:
meva-sabzavot mahsulotlari eksporti sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
salohiyatli hamkorlar izlash, anʼanaviy va yangi sotish bozorlariga chiqish uchun imkoniyatlar yaratish, shuningdek, zarurat boʻlganda eksport shartnomasi bajarilishini uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash orqali meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishga amaliy yordam koʻrsatish;
tashqi bozorlarda meva-sabzavot mahsulotlarining narx konʼyunkturasini tizimli asosda oʻrganish, shu jumladan, hududlarga chiqqan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar bilan har oyda uchrashuvlar oʻtkazish, shuningdek, oʻrganish natijalari, xususan, meva-sabzavot mahsulotlari eksport narxlari darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oʻz rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida chop etilishini tashkillashtirish;
har oyda meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilarga asosiy sotish bozorlari boʻyicha tahlil natijalari va prognozlarini, xususan, narx konʼyunkturasining oʻzgarishlari, belgilangan punktlar kesimida yuklash hajmlari hamda meva-sabzavot mahsulotlarini import qilishda texnik talablar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida joylashtirish orqali taqdim etish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil ikki hafta muddatda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar hamda eksport qiluvchilarga Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uyushmasini tashkil etishlariga koʻmaklashsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-martga qadar Internet tarmogʻida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “TradeUzbekistan.com” elektron savdo maydonchasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan, shu jumladan:
meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar, salohiyatli import qiluvchilar, yangi uzilgan, quritilgan hamda qayta ishlangan eksportga yoʻnaltirilgan meva-sabzavot mahsulotlari turlari va hajmlari, meva-sabzavot mahsulotlari uchun koʻchatlar, urugʻlar hamda oʻgʻit yetkazib beruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumot aks etuvchi;
eksportga yoʻnaltirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining turlari, hajmlari, summasi va yetishtirish hududlari kesimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, eksport jarayonining barcha bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portalini ishlab chiqsin va ishga tushirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, boshqa masʼul vazirlik va idoralar Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portaliga doimiy asosda oʻz vaqtida zarur maʼlumotlar kiritilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
masʼul vazirlik va idoralar tomonidan tegishli maʼlumotlarning Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portaliga oʻz vaqtida kiritilishi ustidan monitoringni amalga oshirsin;
Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portalini takomillashtirish, uzluksiz faoliyat koʻrsatishi va axborot xavfsizligini taʼminlash yuzasidan doimiy asosda choralar koʻrsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlari, davlat organlarining hududiy boʻlinmalari rahbarlari meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga eksport qiluvchining hududiy mansubligiga qarab toʻsqinlik qilganligi uchun shaxsan javobgarligi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borsin va yakunlari boʻyicha respublika boʻylab hamda chet elda mahalliy meva-sabzavotlarni realizatsiya qilish zamonaviy transport-logistika majmualari – “xab”larni oʻz ichiga olgan savdo maydonchalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida yaratish boʻyicha dastlabki loyihasini ishga tushirish borasida aniq takliflar kiritsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda 2018 yil yakuni boʻyicha ekin maydonlarini optimallashtirish doirasida, jumladan, qisqartirilayotgan paxta va don ekinlari maydonlari negizida yaratilayotgan, meva-sabzavotlarni yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va eksportga yoʻnaltirishga moʻljallangan klasterlarning manzilli roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi respublikada meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha klaster tizimining holatini, jumladan, ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, chuqur tahlil qilsin, natijasi yuzasidan 2019 yil 1 dekabrga qadar klasterlar samarali faoliyat yuritishida mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish va ushbu sohani yanada takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.
11. “Oʻzstandart” agentligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiqlikka sertifikatlashtirish boʻyicha xalqaro tan olingan tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekoziqovqatxolding” XK bilan birgalikda 2019-yil 1-fevralga qadar xalqaro standartlar talablariga muvofiq boʻlgan organik va boshqa mahsulotlarni yetishtirishni rivojlantirish boʻyicha hukumat qarori loyihasini kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-martga qadar mamlakatda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiq meva-sabzavot yetishtiruvchi mahalliy korxonalarni sertifikatlash boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etsin.
12. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga chiqarish boʻyicha zamonaviy logistika menejmenti mexanizmlarini joriy etish choralarini koʻrsin, jumladan:
a) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ 2019-yil 1-yanvarga qadar:
“yagona darcha” tamoyili asosida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha temir yoʻl hujjatlarini joʻnash stansiyasida rasmiylashtirish ishlarini tashkil etsin;
meva-sabzavot mahsulotlarini yuklash va tushirish boʻyicha tarif va xizmatlarni mahsulot xususiyatlarini inobatga olgan holda soddalashtirish yuzasidan qayta koʻrib chiqsin;
yuk joʻnatuvchilari va yuk egalari buyurtmalari asosida yuk yetib borish muddati va harakatlanish chogʻida vagonning joylashgan yerlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uzatish boʻyicha mexanizmni ishlab chiqsin va joriy etsin;
meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari uchun tegishli buyurtma kelib tushgan kunidan boshlab uch sutkadan oshmagan muddatda vagon ajratish tartibini joriy etsin;
b) “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK 2019-yil 1-iyunga qadar meva-sabzavot mahsulotlarini vaqtinchalik saqlash joylarini taglikda qadoqlashning xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan va ularning oʻtkazish qobiliyatini taʼminlaydigan zamonaviy muzlatgich va skanerlovchi uskunalar bilan qayta jihozlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oʻzagroeksport” AJ faoliyatini tanqidiy oʻrganib chiqib, uning faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar kiritilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki hafta muddatda mazkur qaror talablarini hisobga olgan holda, jumladan, nohalol meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar reyestrini yuritish tartibini nazarda tutuvchi Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi toʻgʻrisidagi yangilangan nizomning tasdiqlanishini;
2019 yil 1 yanvariga qadar mamlakatning chegara hududlarida meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari uchun zamonaviy ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport, ijtimoiy infratuzilmalar, shuningdek, “yagona darcha” tamoyili asosida zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va logistika xizmatlari mavjud boʻlgan maxsus zonalarni tuzish masalasi ishlab chiqilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvarga qadar tovar omborxonalari tomonidan beriladigan omborxona guvohnomalariga muvofiq meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar va yetishtiruvchilar uchun tijorat banklari tomonidan kreditlar berish mexanizmini joriy etish masalasi ishlab chiqilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-fevralga qadar xorijda meva-sabzavot mahsulotlari realizatsiya qilinishi borasidagi real holatning, eksport qiluvchilar uchun mavjud noqulay sharoitlarning, jumladan, ular bilan muloqot oʻrnatish orqali chuqur oʻrganilishini;
2019-yil 1-martga qadar oʻtkazilgan oʻrganishlar yakuni boʻyicha eksport qiluvchilar uchun mavjud noqulay sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilishini va ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini;
2019-yil 1-martga qadar Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portalini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning tasdiqlanishini taʼminlasin.
15. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari (Otajonov) – tarmoqning jadal rivojlanishiga hamda meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilarning barqaror faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish va kiritish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari (Mirzayev) – raqobatbardosh meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishni, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishning diversifikatsiya qilinishini taʼminlash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri (Xodjayev) – mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish boʻyicha eksport qiluvchilarga koʻmaklashish, shuningdek, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri (Yusupov) – tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, jumladan, intensiv yetishtirish texnologiyalarini qoʻllash asosida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish hamda eksport qilish hajmini oshirishni taʼminlash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi (Azimov) – eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlarini bojxona hujjatlarini oʻz vaqtida rasmiylashtirish, shuningdek, nohalol meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar reyestri yuritilishni taʼminlash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi boshligʻi (Irgashev) – eksport qilinuvchi meva-sabzavot mahsulotlarining laboratoriya ekspertizasi va karantin tekshiruvini oʻz vaqtida taʼminlash uchun;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (Sagdullayev) va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK (Hakimov) rahbarlari – meva-sabzavot mahsulotlarini oʻz vaqtida va sifatli chet elga yetkazib berish uchun xalqaro standartlarga mos infratuzilma yaratish uchun;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari – meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksport qiluvchilari bilan samarali hamkorlik oʻrnatish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash va eksportga joʻnatish klaster tizimini joriy etishga koʻmaklashish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur qaror talablari ijrosini tizimli nazorat qilib borsin va aybdor shaxslarga nisbatan qatʼiy javobgarlik choralarini qoʻllasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari N.S.Otajonov va Z.T.Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev