16.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, tez tibbiy yordam koʻrsatish sohasida qoʻyilgan vazifalarni toʻliq bajarishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar va kamchiliklar saqlanib qolayotganligi qayd etilsin.
Jumladan, respublikada tez tibbiy yordam xizmatini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish yuzasidan qabul qilingan bir nechta qarorlarning natijalari bugungi kunga qadar sezilmayapti. Tez tibbiy yordam chaqiruvlarini qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish eskicha, qoʻl mexanizmlari yordamida bajarilmoqda.
Tez tibbiy yordam koʻrsatish vaqtida bemorlarning kasalxonaga yetib borgunga qadar vafot etishi koʻpayib bormoqda. Toshkent, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida esa oʻlim soni ikki baravardan toʻrt baravargacha oshgan.
Murojaatlarni saralashning amaldagi tartibi mavjud kuch va vositalarni eng muhim chaqiruvlarga xizmat koʻrsatish uchun yoʻnaltirish imkonini bermaydi, natijada yolgʻon chaqiruvlar soni oshmoqda yoki surunkali kasalliklari avj olgan, biroq hayoti xavf ostida boʻlmagan bemorlarga xizmat koʻrsatilmoqda.
Ajratilayotgan byudjet mablagʻlari sifatli tez tibbiy yordam koʻrsatish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash imkonini bermayapti.
Tez tibbiy yordam xizmatini jadal rivojlantirish, uning moliyaviy barqarorligini taʼminlash, bu yoʻnalishda tezkor, texnologik va samarali faoliyat koʻrsatishga erishish maqsadida:
1. Shoshilinch yordamga muhtoj har bir kishiga yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni oʻz vaqtida koʻrsatish tez tibbiy yordam xizmatining ustuvor vazifasi deb hisoblansin.
2. Tez tibbiy yordam xizmatini rivojlantirishga amaliy koʻmaklashish va uning moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin.
3. Quyidagilar 2019-yil 1-yanvardan boshlab Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga tushadigan mablagʻlarni 29 foizdan 10 foizga kamaytirgan holda, mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlanadigan toʻlov summasining 19 foizi;
xalqaro va xorijiy moliya institutlarining, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik koʻmak mablagʻlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirishdan tushgan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
Jamgʻarmaning mablagʻlari quyidagilarga sarflanishi belgilab qoʻyilsin:
tez tibbiy yordam xizmatining maxsus avtotransportini xarid qilish va transport parkini oʻz vaqtida yangilash, shuningdek, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash, ehtiyot qismlar va sarflanadigan materiallarni xarid qilish;
tez tibbiy yordam xizmatining xodimlarini oʻqitish, malakasini oshirish va amaliyot oʻtashini, shu jumladan, xorijiy davlatlarning ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalarida amaliyot oʻtashini tashkil etish;
tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga ustamalar, mukofot pullari va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni toʻlash;
tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish.
Tez tibbiy yordam xizmatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlaridan moliyalashtirishning amaldagi tartibi va hajmlari saqlab qolinsin.
Jamgʻarmaning mablagʻlarini boshqarish va taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi (keyingi oʻrinlarda –Vazirlik) hayʼati qarori asosida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Vazirlik belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha maxsus avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari, tibbiyot uskunalari va sarflanadigan materiallar, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari, texnik oʻqitish vositalari, adabiyotlar va tez tibbiy yordam xizmatiga zarur boshqa moddiy-texnika resurslar uchun 2022-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlaridan ozod etilsin (bojxona yigʻimlari bundan mustasno).
5. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizomni hamda Jamgʻarma daromadlarini shakllantirish va mablagʻlarini sarflash tartibini;
Jamgʻarmaning 2019-yilga moʻljallangan xarajatlar smetasini, shu jumladan, ushbu qarorni ijro etish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutgan holda tasdiqlasin.
6. Quyidagilar:
2019 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Tez tibbiy yordam xizmati faoliyati samaradorligini baholashning namunaviy indikatorlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
tez tibbiy yordam xizmati faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholanishi va Vazirlikning veb-saytida eʼlon qilib borilishi lozim;
baholash natijalari tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun asos boʻladi, shuningdek, xizmat muassasalarini rahbar kadrlar bilan toʻldirishda hisobga olinadi.
7. Vazirlik:
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi (keyingi oʻrinlarda – Milliy palata) bilan birgalikda ikki oy muddatda Tez tibbiy yordam xizmati faoliyati samaradorligini baholashning namunaviy indikatorlarini hisobga olgan holda tez tibbiy yordam xizmati faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash tartibi va metodikasini tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan birgalikda tez tibbiy yordam xizmatini 2020-yildan boshlab aviatsiya texnikasi bilan jihozlash va (yoki) aviatsiya xizmatlarini xarid qilish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida xarid qilish boʻyicha takliflarni 2019-yil 1-martga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
chaqiruvlar tuzilmasidan, tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan koʻrsatiladigan yordam hajmi va xususiyatidan kelib chiqib, feldsherlik brigadalari ulushini oshirgan holda tez tibbiy yordam xizmatini 2019 yil yakuniga qadar qayta tuzib chiqsin;
ikki oy muddatda respublikaning ayrim hududlardagi tez tibbiy yordam xizmatini boshqarish huquqini davlat-xususiy sherikligi asosida investorlarga oʻtkazish boʻyicha aniq takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Vazirlikning Shoshilinch tibbiy yordam oʻquv markazini Respublika shoshilinch tibbiy yordam oʻquv-mashgʻulot markazi etib (keyingi oʻrinlarda – Markaz) qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Markaz tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish sohasida kadrlarni oʻqitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha bazaviy metodik muassasa hisoblanadi.
9. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
avariya-qutqaruv xizmatlari, davlat organlari va tashkilotlari, boshqa yuridik shaxslar xodimlarini, shuningdek, fuqarolarni shoshilinch tibbiy va tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish koʻnikmalariga oʻqitish, qayta oʻqitish va ularning malakasini oshirish;
shifoxonagacha tibbiy yordam koʻrsatish shakllari va metodlarini ishlab chiqish hamda takomillashtirish;
shoshilinch tibbiy hamda tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
shoshilinch tibbiy hamda tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini takomillashtirish;
shoshilinch tibbiy hamda tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha boshqa muassasalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatida metodik yordam koʻrsatish;
shoshilinch tibbiy hamda tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish sohasida seminar-treninglar, master-klasslar, vebinarlar, telekoʻpriklar tashkil etish va bu jarayonga yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
shoshilinch tibbiy hamda tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish sohasida xorijiy ilmiy-tadqiqot va oʻquv markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishda grantlar va texnik koʻmak mablagʻlarini jalb qilish.
10. Yuklatilgan vazifalar doirasida Markazga quyidagi huquqlar berilsin:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan, davlat tibbiyot tashkilotlaridan Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha zarur axborotni, statistik va arxiv maʼlumotlarini belgilangan tartibda soʻrash va olish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida filiallarni tashkil etish;
davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, boshqa ekspertlarni, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni taʼlim jarayoniga shartnoma asosida jalb qilish.
11. Shoshilinch tibbiy hamda tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish koʻnikmalari oʻqitiladigan kurslardan oʻtish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam oʻquv-mashgʻulot markaziga yuboriladigan davlat organlari va davlat ulushiga ega boʻlgan tashkilotlar xodimlarining kontingenti 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan taʼminlab turiladigan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar oʻz xodimlarini Markazda oʻqitish uchun har yilgi byudjetdan mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Toshshahartransxizmat” AJ oʻz xodimlari va instruktorlarini oʻz mablagʻlari hisobidan har yili oʻqishga yuborsin.
Tez tibbiy yordam xizmati brigadalarining haydovchilari Markazda shoshilinch tibbiy hamda tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar yordam koʻrsatish koʻnikmalari oʻqitiladigan kurslardan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan oʻtishi belgilab qoʻyilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Vazirlik bilan birgalikda Markazdagi taʼlim jarayoni, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish sifati ustidan muntazam nazorat va monitoring oʻrnatsin.
14. Vazirlik Toshkent viloyati hokimligi va “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar “Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida tez tibbiy yordam xizmati paramediklari faoliyatini tashkil etish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutgan sinov loyihasini amalga oshirsin:
paramediklar tomonidan fuqarolarga kecha-kunduz uzluksiz yuqori malakali tez tibbiy yordam koʻrsatish;
tez tibbiy yordam xizmatining aholiga imkon qadar yaqinlashtirilishini hisobga olib, paramediklar kuchlarini muvofiqlashtirilgan holda joylashtirish va boshqarishning samarali mexanizmini joriy etish;
fuqarolarning yoki ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar organlarining tegishli xizmatlari, davlat organlari va tashkilotlari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar xoʻjalik yurituvchi subyektlarning chaqiruvlari boʻyicha voqea joyiga tez yetib kelishni taʼminlash;
tez tibbiy yordam xizmatining boshqa brigadalari bilan operativ hamkorlik qilish mexanizmini joriy etgan holda fuqarolar va turistlar toʻplanadigan joylarda paramediklar patrullik qatnovlarni yoʻlga qoʻyish.
15. Vazirlik:
2019-yil 1-fevralga qadar paramediklar tomonidan tez tibbiy yordam koʻrsatish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
2019-yil 1-aprelga qadar Markazda zarur miqdordagi feldsherlarni paramediklar ixtisosligiga oʻqitishni, shu jumladan, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish sohasidagi yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻqitishni taʼminlasin;
2019-yil yakuni boʻyicha tez tibbiy yordam xizmatida paramediklar faoliyatini kengaytirish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda:
a) 2019-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrida, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab respublikaning qolgan hududlarida tez tibbiy yordam boshqarmasining quyidagi imkoniyatlarga ega avtomatlashtirilgan tizimini (keyingi oʻrinlarda – avtomatlashtirilgan tizim) yaratsin va foydalanishga topshirsin:
aholining chaqiruvlarini qabul qilish va roʻyxatga olish, ustunlik tartibida xizmat koʻrsatish lozim boʻlgan chaqiruvlarni avtomatik belgilash;
maxsus avtotransport harakatini boshqarish, shu jumladan, GPS-navigatsiyadan foydalangan holda, keyinchalik bosqichma-bosqich raqamli radioaloqaga oʻtish orqali avtotransport harakatini monitoring qilish;
tez tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan shaxslar joylashgan joyni telefon (mobil) aloqasi orqali avtomatik aniqlash;
tez tibbiy yordam yordam brigadalarini mobil ilovalar yordamida, shu jumladan, imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun chaqirish;
foydalaniladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini hisobga olish;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarni shoshilinch xizmatlarining axborot tizimlari bilan birlashtirish;
fuqarolar tomonidan tez tibbiy yordam stansiyalari faoliyati samaradorligini baholash va ularning reytingini yuritish.
b) Tez tibbiy yordam xizmati stansiyalarining Sall-markazlarini normativlarga muvofiq toʻliq jihozlash uchun 2018 yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar byudjetlari mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha telefon liniyalari (raqamlari) ajratilishini taʼminlasin.
Belgilab qoʻyilsinki:
avtomatlashtirilgan tizimni ishlab chiqish va unga xizmat koʻrsatish, texnik qoʻllab-quvvatlash va keyinchalik modernizatsiyalash boʻyicha buyurtmachining funksiyalari Vazirlikka yuklatiladi;
avtomatlashtirilgan tizimning texnik va loyihaoldi hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tayyorlanadi;
ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 16-martdagi PQ–2838-son qarorida belgilangan hajmlar va manbalarda moliyalashtiriladi.
Vazirlik Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan avtomatlashtirilgan tizimni foydalanishga topshirish nazarda tutilgan muddatlarda ichki lokal-hisoblash tarmoqlari yaratilishini hamda tez tibbiy yordam xizmati boʻlinmalarini zarur uskunalar va anjomlar, shu jumladan, GPS-navigatorlar va aloqa vositalari bilan jihozlanishini taʼminlasin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda (yoki) uning hududiy boʻlinmalari buyurtmanomalari boʻyicha tez tibbiy yordam xizmati stansiyalarining Sall-markazlarini telefon liniyalari (raqamlari) bilan taʼminlash uchun mahalliy byudjetdan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
17. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Q.Shodmonov – tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini samarali tashkil etish, maxsus avtotransport xarid qilish va transport parkini oʻz vaqtida yangilash, shuningdek, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sodiqov –avtomatlashtirilgan tizimning texnik va loyihaoldi hujjatlarini sifatli va oʻz vaqtida tayyorlash, ushbu tizimni yaratish va foydalanishga topshirish, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati ehtiyojlari uchun telefon liniyalari (raqamlari) ajratish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.A.Abduhakimov – vazirlik va idoralarni ular zimmasiga yuklangan vazifalarni lozim darajada bajarishi uchun samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu qarorni amalga oshirish jarayonini muntazam ravishda koʻrib borish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
18. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda ikki oy muddatda:
tez tibbiy yordam brigadalari uchun feldsherlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha maxsus oʻquv dasturlarini;
tez tibbiy yordam chaqiruvlarining shoshilinchliligiga qarab joylashtirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
b) 2019-yil 1-yanvarga qadar:
2019/2020-oʻquv yilidan boshlab respublikaning tibbiy kasb-hunar kollejlarida tez tibbiy yordam brigadalari uchun feldsherlarni tayyorlash boʻyicha maxsus oʻquv dasturlarini joriy etish choralarini koʻrsin;
sanitar aviatsiya shaklida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish tartibini tasdiqlasin;
v) qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev