18.01.2019
Gujarat shtatining Gandinagar shahri “Mahatma Mandir” koʻrgazmalar majmuasida “Joʻshqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammiti boʻlib oʻtdi.
Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Avstraliya, Kanada, Fransiya, Yaponiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Daniya, Chexiya, Malta, Tailand, BAA kabi mamlakatlardan davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va transmilliy korporatsiyalar boshliqlari, ekspertlar ishtirok etdi.
Yirik iqtisodiy anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
Gujarat shtati qadimdan savdo va tadbirkorlikda yetakchi hudud boʻlib kelgani, mazkur sammit ana shu anʼanalarni davom ettirib, zamonaviy Hindistonning biznes ruhini namoyon qilayotganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari Hindiston bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash - Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini alohida qayd etib, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
«Eramizdan avvalgi III – II asrlarda hind zaminini Markaziy Osiyo bilan Buyuk Hindiston yoʻli bogʻlagani yaxshi maʼlum. Bugun ham Markaziy va Janubiy Osiyo bozorlari oʻrtasidagi ishonchli savdo va transport kommunikatsiyalarini yaratish har qachongidan dolzarbdir.
Biz Transafgʻon temir yoʻli loyihasini muhokama qilyapmiz. Istiqbolda bu yoʻl Janubiy Osiyoga, jumladan, Choxbahor porti orqali Hindistonga chiqish imkonini beradi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari informatsion texnologiyalar, dasturiy taʼminot, qishloq xoʻjaligi, qayta tiklanadigan energiya hamda ushbu sohalar mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Bu boʻyicha dastlabki harakatlar boshlangan, Toshkent shahrida qoʻshma texnopark tashkil etiladi.
Sarmoyadorlarni Oʻzbekistonga jalb qilish uchun eng qulay sharoitlar yaratilishini alohida qayd etdi.
Oʻzbekiston, avvalo, kimyo sanoati va energetika, farmatsevtika, tekstil, charm-poyabzal, kimyo sanoati, turizm sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor.
– Gujaratning ulkan iqtisodiy salohiyati va Andijon viloyati bilan sheriklik aloqalaridan kelib chiqib, shoh Bobur tugʻilgan va ulugʻ Akbarshoh ajdodlarining vatani boʻlmish Andijonda Oʻzbekiston-Hindiston mintaqalari biznes-forumini shu yili oʻtkazishni taklif qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari 2020-yilda Hindistonda “Oʻzbekiston madaniyati yili”ni hamda Oʻzbekistonda “Hindiston madaniyati yili”ni oʻtkazish, joriy yilda yurtimizda oʻzbek-hind Yoshlar festivalini tashkil qilishni taklif etdi.
Prezidentimiz soʻzining yakunida yurtimizning sanoat, investitsion va sayyohlik salohiyati, boy tarixi va madaniyati haqida tanishish imkonini beruvchi sammit doirasida tashkil etilgan Oʻzbekiston koʻrgazmasiga barchani taklif qildi.
“Joʻshqin Gujarat” sammitida soʻzga chiqqanlar hamkor mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro tajriba, texnologiya almashish, yangi hamkorlar va investitsiyalarni jalb etish yoʻllarini topish boʻyicha oʻz nuqtai nazarlarini bayon etdi.