13.01.2019
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimizning muhtaram faxriylari!
Qadrli yurtdoshlar!
Sizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlugʻ ayyomda oʻz hayotini Vatan himoyasidek ulugʻ ishga bagʻishlagan siz, azmu shijoatli harbiylarimizni sharaflab, xalqimiz, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yoʻlidagi xizmatlaringiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, oʻz oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir.
Biz sizlar bilan – ana shunday gʻoyat masʼuliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli oʻgʻlonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Aynan sizlarning yerda va koʻkda, suvda va quruqlikda olib borayotgan mardona xizmatlaringiz tufayli osmonimiz musaffo, bolalarimiz, moʻtabar onalarimiz, keksalarimiz xotirjam yashamoqda, yurtimiz obod, xalqimiz hayoti farovon boʻlmoqda.
Fursatdan foydalanib, oʻz farzandlarini – Qurolli Kuchlarimizning askar va ofitserlarini Alpomishdek botir, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiylarimiz bilan hayot quvonchi va tashvishlarini doimo baham koʻrib kelayotgan ularning rafiqalari va oila aʼzolariga katta rahmat aytishni oʻzimning burchim, deb bilaman.
Muhtaram vatandoshlar!
Mana shu bayram kunlarida barchamiz Vatan, xalq va armiya biri-biriga naqadar yaqin va mushtarak ekanini har qachongidan ham teran his etmoqdamiz.
Bu borada armiya va xalq birligini taʼminlashga qaratilgan mutlaqo yangi tuzilma – harbiy-maʼmuriy sektorlar barcha hududlarda samarali faoliyat yuritayotgani gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
Ana shunday islohotlar tufayli “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob gʻoya va amaliy harakat barcha boʻgʻindagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, taʼlim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi.
Qadrli doʻstlar!
Dunyo miqyosida xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi xavf-xatarlar, milliy va global xavfsizlikka qarshi tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab davrda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yuksaltirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy qurol-yarogʻ va aslahalar bilan taʼminlash, harbiy xizmatchilarning jismoniy, maʼnaviy-intellektual tayyorgarligini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish eng ustuvor vazifamiz boʻlib qolmoqda.
Davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar boʻyicha qatʼiy pozitsiyasini ifoda etadigan yangi Mudofaa doktrinasi ishlab chiqildi. Amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir boʻlgan jangovar kuchga aylanib bormoqda.
Barchamiz yaxshi anglaymiz: bu borada har bir harbiy xizmatchining professional bilim va malakasi, aqliy salohiyati, ruhiy tayyorgarligini oshirish, ularda vatanparvarlik fazilatlarini kamol toptirish oʻta muhim ahamiyatga egadir.
Biz davlatimiz mudofaa qudratini har tomonlama oshirish, yetuk va malakali harbiy kadrlarni tayyorlashga, Vatan himoyachilari, ularning oilalari uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga bundan keyin ham alohida eʼtibor qaratamiz. Masalan, 2019 yilning oʻzida harbiy xizmatchilar uchun imtiyozli kreditlar asosida 116 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshiriladi. Harbiy xizmatchilarning 700 dan ziyod farzandlari oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Shuningdek, harbiy shaharchalarni obod qilish, ularning hududida zamonaviy infratuzilmalar barpo etish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar izchil davom ettiriladi.
Xalqimizning “Bilagi zoʻr birni yengadi, bilimi zoʻr – mingni” degan maqolida chuqur maʼno bor. Shu nuqtai nazardan, Qurolli Kuchlarimizni modernizatsiya qilish, xususan, harbiy taʼlim sohasiga zamonaviy bilim, ilgʻor xorijiy tajribalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha boshlagan ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarishimiz zarur.
Ayni vaqtda shaxsiy tarkib oʻrtasida milliy oʻzlikni anglash va jangovar ruhni, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish ham doimo eʼtiborimiz markazida boʻlishi lozim. Shu maqsadda yosh askar va kursantlar uchun harbiy qasamyod qabul qilishdan avval “Oʻzbekiston tarixi” fani va “Temur tuzuklari” kitobi boʻyicha sinov oʻtkazish tartibini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqdir.
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish, ushbu sohadagi qadriyat va anʼanalarimizni targʻib etish, askar va ofitserlarimizning zamon qahramonlari sifatidagi qiyofasini badiiy asarlar, spektakl va filmlar orqali keng yoritib berish alohida ahamiyatga ega. Bu borada taniqli olimlar, adib va shoirlarimiz, ijodkor ziyolilar, madaniyat namoyandalari yanada samarali faoliyat olib boradilar, deb ishonch bildiraman.
Qadrli yurtdoshlar!
Mard va jasur Vatan himoyachilari!
Sizlarni ota-onalaringiz, oilalaringiz, butun xalqimiz bilan birgalikda keng nishonlayotgan bugungi shonu sharaf ayyomi – Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor tabriklar ekanman, sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, olijanob va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.
Barchangizga el-yurtimizning yuksak mehri va ishonchi doimo yor boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni