11.01.2019
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toyloq tumanidagi “Pet Agro Oil” qoʻshma korxonasida boʻlib, yogʻ-moy ishlab chiqarish texnologiyasini koʻzdan kechirdi.
Korxona 2017-yilda Shimoliy Irlandiyaning “Nortec Estate LLP” kompaniyasi hamda Oʻzbekistonning “Tony Green” firmasi tomonidan tashkil etilgan. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish va qadoqlashga ixtisoslashgan. Italiya, Avstriya, Turkiya, Shveysariya, Hindiston, Bolgariya va Xitoy davlatlaridan 7 million dollarga zamonaviy texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan.
Bugungi kunda korxona faoliyatini kengaytirish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada kuniga 350 tonna oʻsimlik yogʻi, 3 ming tonna tomat pastasi, 2 ming 500 tonna olma konsentrati ishlab chiqariladi. Korxona toʻliq quvvat bilan ishlagach 800 nafar mahalliy aholining bandligi taʼminlanadi.
Shu yerda Samarqand viloyatiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohalariga oid loyihalar namoyish etildi.
2019-yilda viloyatda 355 million dollar investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Oʻzbekistonning Xitoy, Turkiya va Ispaniyadagi elchixonalari hamda Gretsiyadagi konsulxonasi viloyat tumanlariga biriktirilgan.
Ushbu vakolatxonalar rahbarlari mahalliy hokimliklar bilan birga shakllantirilgan investitsiya loyihalarini taqdim etdi.
Shuningdek, “Azia Metall Prof” qoʻshma korxonasi tomonidan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida tunukani rux bilan qoplash, qayta ishlash va polimerizatsiyalashni tashkil etish, 4 ming 300 gektar maydonga intensiv bogʻ yaratish, paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil qilish, tomchilatib sugʻorish, parrandachilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar yuzasidan maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihalarning asosi, samaradorligi bilan qiziqdi. Ular yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berib, xorijiy tajribani oʻrganish, kerak boʻlsa, chet eldan konsultantlar jalb etish zarurligini taʼkidladi.
Samarqand viloyatida 37 ming gektardan ziyod lalmi yer foydalanilmayotgani, ularni ishga solib, aholini ish va arzon mahsulotlar bilan taʼminlash mumkinligi qayd etildi.