10.01.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-yanvar kuni mamlakatimiz tinchligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Bugungi globallashuv davrida yangidan-yangi tahdid va xavf-xatarlar paydo boʻlmoqda, jinoyatlarni sodir etish usul va vositalari, maqsadlari oʻzgarib bormoqda. Shularni hisobga olgan holda, mamlakatimizda keyingi ikki yilda bu masalalar boʻyicha 100 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, ichki ishlar tuzilmalari isloh etildi. “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etildi va 24 soatlik patrul xizmati yoʻlga qoʻyildi. Bularning samarasida oʻtgan yili jinoyatchilikni 33 foizga kamaytirishga erishildi.
– Koʻrilayotgan choralar natijasida fuqarolarimizda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch paydo boʻlmoqda. Lekin xotirjamlikka berilishga hech kimning haqi yoʻq, hali oldimizda qilinadigan ishlar koʻp, – dedi davlatimiz rahbari.
Yigʻilishda jinoyatchilikni jilovlashni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Masalan, Andijon viloyatining deyarli barcha tumanlarida ogʻir turdagi jinoyatlar soni oshgan. Viloyatda ayollar jinoyatchiligining salmogʻi yuqori boʻlib, respublika koʻrsatkichining 8,5 foizini tashkil etgan. Qoraqalpogʻistonda jinoyatchilik 31 foizga kamaygan boʻlsa-da, qotillik holatlari koʻpaygan. Namangan viloyatida ham bu borada ahvol qoniqarsiz ekanligi koʻrsatib oʻtildi.
Ichki ishlar vazirligiga yuqoridagi masalalar boʻyicha vaziyatni tubdan yaxshilash, chuqur tahlil asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
– Xabaringiz bor, oʻtgan yili “ishlaganni – ragʻbatlantirish, ishlamaganni – jazolash tizimi”ni joriy etgan edik. Bugun uni sarhisob qiladigan vaqt keldi, – dedi Prezident.
Jinoyatchilikni jilovlashda eng yuqori natijaga erishgan 10 ta hudud – Shirin va Guliston shaharlari, Shahrisabz, Yangiyoʻl, Kegeyli, Qonlikoʻl, Xovos, Sardoba, Mirobod, Oʻrtachirchiq tumanlari ichki ishlar boʻlimlari boshliqlarini moddiy ragʻbatlantirish, aksincha, bu borada koʻrsatkichlari eng salbiy boʻlgan 10 ta hudud – Nurota, Nishon, Ellikqalʼa, Paxtaobod, Doʻstlik, Paxtakor, Izboskan, Boʻstonliq, Buvayda, Quyichirchiq tumanlari ichki ishlar boʻlimlari boshliqlariga jarima shaklidagi intizomiy jazo qoʻllash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Endi hokimlar ham har kuni oʻz hududidagi jinoyatlar bilan bogʻliq vaziyatni shaxsan muhokama qilib borishi, shuningdek, joylardagi xalq deputatlari kengashlari jinoyatlar bilan bogʻliq vaziyatni tahlil qilib, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga oʻz hissasini qoʻshishi kerakligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Bugungi kunda “Mahalla posboni” tuzilmasi rahbari lavozimi oʻrniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi lavozimi joriy etilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha ularning shaxsiy javobgarligi belgilab qoʻyildi. Kelgusida jamoat xavfsizligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan yordamchilarga ichki ishlar organlarining oliy taʼlim muassasalariga kvota asosida oʻqishga kirish huquqi berilishi maʼlum qilindi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi samarali kurashish boʻyicha “hududlar tajribasi”ni joriy etish zarurligi taʼkidlandi. Masalan, Toshkent shahrida bosqinchilik, Fargʻonada firibgarlik, Toshkent viloyatida oʻgʻirlik jinoyati koʻp sodir etilayotganini hisobga olib, ularni profilaktika qilish boʻyicha hududiy usullar shakllantirish talab etiladi.
Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Milliy gvardiya harbiy-texnika institutiga oʻzaro hamkorlikda kriminogen vaziyat ogʻir boʻlgan hududlarda ilmiy-tadqiqot ishlari oʻtkazib, jinoyatchilik ahvoli oʻzgarishini kriminologik prognozlash boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida, ichki ishlar organlarida ishlaydigan psixolog-pedagoglar maktabini yaratish, oliy oʻquv yurtlarida psixolog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi.
Yongʻin xavfsizligini taʼminlash masalasi muhokama qilinar ekan, keyingi vaqtda is gazidan zaharlanish holatlari koʻpayib ketayotgani keskin tanqid qilindi.
Buning asosiy sababi – isitish jihozlarining sozligini texnik koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlash yetarli darajada nazorat qilinmayapti. Bu bilan nodavlat tashkilot hisoblangan Oʻzbekiston yongʻinga qarshi kurashish jamiyati shugʻullanyapti.
Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga ushbu jamiyat faoliyatini yalpi tekshirishdan oʻtkazish va sohani takomillashtirish boʻyicha taklif kiritish vazifasi qoʻyildi. Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qurilish vazirligiga isitish jihozlari, moʻri va boshqa uskunalarning texnik holatiga masʼul davlat idorasini belgilash, gaz va koʻmir asosida isitishga moʻljallangan bino-inoshootlarni is gazini oʻlchash uskunalari bilan jihozlash boʻyicha texnik reglament ishlab chiqish yuklatildi.
Yigʻilishda aholining mulk daxlsizligini taʼminlash borasidagi vazifalar ham koʻrib chiqildi. Endilikda mahallalarda jamoat xavfsizligi va shaxsiy mulk daxlsizligini taʼminlashga Ichki ishlar vazirligi bilan Milliy gvardiya tengma-teng javob berishi taʼkidlandi.
Jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga layoqatli shaxslarni ish bilan taʼminlash, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha ham topshiriqlar berildi. Bunday shaxslarni kasbga oʻrgatish, ertaga ular tomonidan takroriy jinoyatlarni sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Videoselektorda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini oʻqitish, ularning kasbiy mahoratini va madaniyatini muntazam oshirib borish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
– Huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi eng yangi yondashuvlarga asoslanishi, ular shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon va shart-sharoitlarga mos boʻlishi zarur. Yosh kadrlarda tanqidiy tahlil, intizom, halollik, vatanparvarlik, tashabbuskorlik, shaxsiy javobgarlikni shakllantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga rahbarlar tayinlashda butunlay yangicha mexanizm joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Unga muvofiq, nomzodlar maʼlum muddat davomida maqsadli indikatorlarga erishish sharti bilan lavozimga tayinlanishi, shartlar bajarilmagan taqdirda shartnoma muddati uzaytirilmasligi lozimligi belgilandi.
Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarda huquqbuzarlikka nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish jinoyatchilikning oldini olishda muhim omil boʻladi. Lekin huquqiy targʻibot koʻpincha eskicha usullar, majlisbozlik va yuzaki maʼruzalardan iborat boʻlib qolayotgani sababli toʻla samara bermayotir. Shu bois Adliya vazirligiga Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda kadrlar masalalari ham koʻrildi. Oʻz xizmat vazifalarini bajarishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan koʻplab rahbarlar qatʼiy ogohlantirildi, ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Videoselektorda jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul davlat organlari rahbarlarining hisobot va takliflari eshitildi.