13.12.2018
Gʻuzor tumanidagi ushbu hudud yaqin-yaqingacha quruq dasht edi. Bu yerda qurilishi moʻljallagan zavod loyihasi toʻxtab qolgan, uni boshlashga hech kim jurʼat qilolmayotgandi.
Shavkat Mirziyoyev davlatimiz rahbari boʻlgach, bu loyihaga oid barcha masalalarni hal qilib berdi. Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrdagi qarorida “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsion loyihasi buyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Mamlakatimiz rahbari 2017-yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur zavodning qurilish maydoniga kelib, uning moliyalashtirilishi, xorijiy texnologiyalar bilan jihozlanishi, quruvchilar va kadrlar taʼminoti kabi barcha masalalarni chuqur tahlil qilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 13-dekabr kuni bu yerga yana bir bor tashrif buyurdi. Faqat bu gal manzara umuman boshqacha. 135 gektardan ziyod maydonda qurilish ishlari qizgʻin. Temir-beton poydevorlar qoʻyilib, estakadalar koʻtarilgan. Ulkan avtokranlar oʻrnatilib, murakkab uskunalarni yigʻish boshlab yuborilgan.
Zavod dunyodagi yetakchi litsenziar kompaniyalar – “Sasol” (JAR), “Xaldor Topse” (Daniya) va “Shevron” (AQSH) texnologiyasi asosida barpo etilmoqda. Qurilish ishlari bosh pudratchi – Koreya Respublikasining “Hyundai Engineering Co. Ltd.” va “Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd”, Singapurning “Enter Engineering Pte. Ltd.” kompaniyalari tomonidan olib borilmoqda. Quruvchi va payvandchilarning koʻpchiligi mahalliy yoshlardir.
Majmua uchun zarur 11 mingdan ortiq texnologik uskunalar Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya kabi 21 ta davlatdagi 126 ta zavodda tayyorlanmoqda.
Bunday ish hajmi bejiz emas. Tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilgʻi (GTL) olish juda noyob jarayon boʻlib, yuqori texnologiyalar va murakkab ilmiy yechimlarni talab etadi. Hozirda dunyoda bunday zavodlar atigi beshta, oʻzimizning Shoʻrtandagisi oltinchisi boʻladi.
Mazkur ulkan loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard AQSH dollari. Uning amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YEVRO-5 standartlariga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqariladi. Bular 311 ming tonna aviakerosin, 743 ming tonna dizel yonilgʻisi, 431 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gazdir.
Zavodning asosiy ahamiyati mana shunda. Yaʼni, tabiiy gaz shunchaki xomashyo sifatida emas, qoʻshimcha qiymatli mahsulot sifatida sotiladi.
Masalan, 1000 kub metr tabiiy gaz eksport narxi hozirgi kunda 155 dollar atrofida boʻlsa, boʻlgʻusi zavodda shuncha gazni qayta ishlash orqali 300 dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Foyda ikki barobar ortadi.
Yiliga hisoblaganda, tabiiy gazdan koʻra tayyor GTL mahsulotlaridan koʻriladigan qoʻshimcha daromad 576 million dollardan oshadi.
Yana bir muhim jihati – zavod mahsulotlari hozirda chetdan import qilanayotgan xomashyolar oʻrnini qoplaydi. Buning evaziga yiliga neft sotib olishga ketadigan 1 milliard dollardan ortiq valyuta mablagʻlari iqtisod qilinadi. Zavod ishga tushgach, 1 ming 300 dan ortiq kishi ish bilan taʼminlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev majmua qurilishini koʻzdan kechirdi. Pudratchi va investorlar bilan suhbatlashdi.
– Biz har tomonlama mulohaza qilib, sintetik yoqilgʻi ishlab chiqaradigan, 1 milliard dollar import oʻrnini toʻldiradigan tarixiy loyiha qildik. Bu Oʻzbekiston iqtisodiyotini barqaror qilish uchun katta salohiyatga ega. Shu paytgacha tarmoqda bunday nomenklatura yoʻq edi. Bu yerda yoqilgʻi ishlab chiqarib, benzin tannarxini tushirsak, odamlarimiz shuni sezadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari mutaxassislar, texnika va resurslardan maksimal foydalanib, qurilish-montaj jarayonlarini oqilona muvofiqlashtirib, zavodni ishga tushirishni tezlashtirish, mahsulot ishlab chiqarishni bir kun boʻlsayam ertaroq yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi. Zavodni foydalanishga topshirish muddatini qisqartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan topshiriq berdi.
Ushbu zavod Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining yonida joylashgani umumlashgan infratuzilma obyektlaridan foydalanishda qulaylik yaratadi. Bu yerda yana bir loyiha – Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining quvvatini 125 ming tonnadan 505 ming tonnagacha oshirish loyihasi rejalashtirilgan.
Unda GTL zavodidan chiqadigan naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen mahsulotlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Bu ishlar natijasida hudud texnologik klasterga aylanib, kelgusida kimyo, avtomobilsozlik, turizm, farmatsevtika, toʻqimachilik va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga asos boʻladi.