08.12.2018
Qadrli vatandoshlar!
Muhtaram dehqon va fermerlar!
Avvalo, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirishga ruxsat etgaysiz.
Oʻz ishining mohir ustasi boʻlgan siz, azizlarning fidokorona mehnatingiz samarasini har kuni oʻz dasturxonida koʻradigan xalqimiz bu yilgi mavsum qanday ogʻir va murakkab kechganini yaxshi biladi. Haqiqatan ham, tabiat injiqliklari – bahorning quruq kelgani, kutilmagan jala va boʻronlar, yoz faslidagi kuchli suv tanqisligi, jazirama issiq, turli hasharot va kasalliklar ekin-tikinlarga katta xavf tugʻdirgani, kuzda esa yogʻin-sochinlarning barvaqt boshlangani mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi xodimlarini yana bir bor jiddiy sinovdan oʻtkazdi.
Ana shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, yurtimiz boʻyicha 6 million 124 ming tonna gʻalla, 2 million 300 ming tonna paxta, 8 million 661 ming tonna sabzavot, 2 million 411 ming tonna kartoshka, 1 million 607 ming tonna poliz mahsulotlari, 2 million 100 ming tonnaga yaqin meva, 1 million 314 ming tonna uzum, 18 ming tonna pilla, 1 million 789 tonna goʻsht, 7 million 830 ming tonna sut tayyorlashga erishganingiz tahsinga loyiq. Muxtasar aytganda, jami boʻlib 58 trillion 181 milliard soʻmlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirganingiz yil davomida qilgan mardona mehnatingiz mahsulidir.
Joriy mavsum oxirlab, yil natijalari sarhisob qilinayotgan mana shu qutlugʻ ayyomda sizlarga, barcha qishloq ahliga ana shunday olijanob mehnatingiz uchun oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan katta rahmatlar aytib, chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Aziz doʻstlar!
Sizlarga yaxshi maʼlumki, yurtimizda keyingi ikki yilda barcha sohalar qatori qishloq xoʻjaligi boʻyicha ham muhim dasturlar, “yoʻl xarita”lari ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Jumladan, dehqon va fermerlar, dala ishchilari mehnatini munosib qadrlash va ragʻbatlantirish maqsadida davlat ehtiyoji uchun xarid qilinadigan paxta va gʻallani moliyalashtirish tartibi oʻzgartirilgani, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta fermerlar oʻz mablagʻlarini mustaqil sarflash huquqiga ega boʻlganini taʼkidlash lozim.
Bu yilgi mavsumda gʻalla yetishtiradigan fermerlarga 1 trillion 33 milliard soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 142 foiz, paxtachilik xoʻjaliklariga esa 5 trillion 138 milliard soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 2,4 marta koʻp imtiyozli kreditlar ajratilgani soha rivojiga yuksak eʼtibor namunasidir.
Ushbu tarmoqqa bozor mexanizmlari, xoʻjalik yuritishning agroklaster tizimi joriy etilayotgani, ilgari eʼtiborimizdan chetda boʻlib kelgan zamonaviy issiqxonalar, baliqchilik, asalarichilik, qizilmiya, zaʼfaron, qalampir, sarimsoqpiyoz, toʻqsonbosti usulida sabzavot yetishtirish, parrandachilik, yilqichilik, tomorqa xoʻjaliklari kabi yoʻnalishlar jadal rivojlanayotgani tub tarkibiy oʻzgarishlarga sabab boʻlmoqda. Bularning barchasi qishloq xoʻjaligini mahalliy va chet ellik investorlar uchun tobora jozibali, istiqbolli tarmoqqa aylantirmoqda.
Ayni vaqtda qishloqlarimiz qiyofasini tubdan yangilash, ularni obod qilish, qishloq ahli uchun zamonaviy sharoitlar yaratish boʻyicha ham koʻp ish qilinmoqda. Jumladan, arzon uy-joylar dasturi doirasida bu yil qishloqlarimizda 28 mingta uy-joy barpo etilib, oʻz egalariga topshirildi. Bunday uy-joylar uchun dastlabki toʻlov miqdori 25 foizdan 15 foizga, kam taʼminlangan oilalar uchun esa 10 foizga tushirildi.
Bu yil “Obod qishloq” dasturi doirasida 159 ta tumandagi 416 ta qishloqda katta hajmdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borildi. Natijada 2 millionga yaqin aholimiz uchun yangi uy-joylar, tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi tarmoqlari, ravon yoʻllar, maktab va bogʻchalar, shifo maskanlari, madaniyat va sport inshootlari, bir soʻz bilan aytganda, munosib hayot sharoitlari yaratilgani, hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi va kelgusida bu ishlarni yanada katta koʻlam va keng miqyosda davom ettirishga ruhlantiradi.
Qadrli yurtdoshlar!
Hammamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi paytda oldimizda hal qilishimiz lozim boʻlgan gʻoyat muhim vazifalar turibdi. Avvalo, joriy mavsumning achchiq tajribasidan kelib chiqib, yuqori samara bermayotgan paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirishni izchil davom ettirish zarur.
Paxta va gʻalladan boʻshagan maydonlarda eksportbop, ichki va tashqi bozorda talab katta boʻlgan ekinlar ekish, boshqacha aytganda, har bir xoʻjalik va tumanning ixtisoslashuvini qayta koʻrib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilishimiz, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari, tomorqa maydonlari samarasini oshirishga qaratilgan ishlarimizni kuchaytirishimiz kerak.
Qishloq xoʻjaligida chidamli, ertapishar, serhosil ekin navlarini yaratish, chorvachilikda naslchilikni yaxshilash, eng katta boylik boʻlgan yer va suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, urugʻchilikni rivojlantirish eʼtiborimiz markazida turishi lozim.
Kelgusi yilda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida Davlat byudjetidan qariyb 1,7 trillion soʻm, xalqaro moliya institutlarining 84 million dollar miqdoridagi mablagʻini yoʻnaltirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, suv omborlari tarmogʻini kengaytirish hisobidan lalmi yerlarni oʻzlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Buning uchun Toshkent viloyatida jami 45 million kub metr suv yigʻiladigan “Parkentsoy”, “Qizilsoy”, “Toshtepa”, Jizzax viloyatining Forish tumanida “Karaman”, Qashqadaryo viloyatida “Guldara”, “Ayaqchisoy”, Samarqand viloyatida “Bulungʻur” suv omborlari barpo etiladi.
Kelgusi ikki yilda esa 1 million 200 ming gektar yerning suv taʼminoti barqarorlashtiriladi, yiliga 1 milliard 700 million kub metr suv tejaladi va 600 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi.
Biz uchun oʻta muhim vazifa – qishloq xoʻjaligi uchun yuksak bilim va malakaga ega boʻlgan oliy va oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishimiz lozim. Bu borada xorijdagi yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan birga qoʻshma fakultetlar tashkil etish, yaqinda ish boshlagan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali agro soha mutaxassislarini, yosh kadrlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarda oʻqitishga alohida ahamiyat berishni zamonning oʻzi talab etmoqda.
Kelgusi yili qishloq xoʻjaligida 1 milliard 870 million AQSH dollari hajmidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish moʻljallanayotgani bu sohadagi ishlarimizning hajmi ham, masʼuliyati ham naqadar yuksak ekanidan dalolat beradi.
Oʻz oldimizga qoʻygan ulkan vazifalarni ado etish, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalqimiz dasturxonini farovon qilishdek olijanob maqsad yoʻlida hayot sinovlarida toblangan, mard va matonatli fermerlarimiz, Oʻzbekistonning barcha qishloq xoʻjalik xodimlari bor bilim va tajribalarini, kuch-gʻayrat va imkoniyatlarini safarbar etib, oʻzlarini ayamasdan mehnat qiladilar, deb ishonaman.
Aziz doʻstlarim, vatandoshlarim!
Sizlarni yana bir bor Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ishlaringizga yangi-yangi yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Umringizdan, mehnatingizdan baraka toping!
Kirib kelayotgan yangi – 2019-yilda hosilimiz yanada moʻl boʻlsin!
Qabul qilayotgan barcha reja va dasturlarimiz ijobat boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti