21.11.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining oʻrinbosari, BMTning Jeneva shahridagi boʻlinmasi bosh direktori Maykl Myollerni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Samarqandda oʻtkaziladigan Inson huquqlari boʻyicha birinchi Osiyo forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli delegatsiyasi tashrifi Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganining yana bir tasdigʻi ekanini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Oʻzaro aloqa va tashriflar sezilarli faollashgani mamlakatimizning Tashkilot tuzilma va institutlari bilan konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga qaratilgan samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgani qayd etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissar boshqarmasi, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNЕSKO, Jahon sayyohlik tashkiloti va BMTning boshqa muassasalari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga doir qator dasturiy hujjatlar va “yoʻl xarita”lari qabul qilingan va birgalikda amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi bilan joriy yil iyun oyida birinchi marta BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash masalalari boʻyicha maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani hamda uning xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qoʻllab-quvvatlangani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizning BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida xalqaro konvensiyasi va Bosh Assambleyaning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli rezolyutsiyasini qabul qilish boʻyicha tashabbuslarini ilgari surish yoʻlida birgalikdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki tomonlama hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Orol ekologik fojiasi oqibatlarini, jumladan, Orolboʻyida ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar dastur va loyihalarni amalga oshirish orqali yumshatishda jahon hamjamiyati saʼy-harakatlarini birlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistonning BMT shafeligida maxsus Trast jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha tashabbusini roʻyobga chiqarish bu borada katta amaliy qadam boʻladi. Joriy yil 27 noyabr kuni Tashkilotning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida ushbu tuzilmaning yuqori darajadagi birinchi tadbiri boʻlib oʻtadi.
Tomonlar, shuningdek, mintaqamiz va uning tashqarisida tinchlik va barqarorlikni taʼminlashning muhim omili boʻlgan Afgʻonistondagi vaziyatni siyosiy yoʻl bilan hal etishga har tomonlama koʻmaklashish masalalarini koʻrib chiqdilar.
BMT Bosh kotibi oʻrinbosari Maykl Myoller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, avvalo, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi.
2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra, BMTning 2030 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsad va vazifalariga hamohang ekani alohida taʼkidlandi.
Maykl Myoller Tashkilot Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va konstruktiv sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, mintaqada barqaror taraqqiyotga koʻmaklashish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini toʻla qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
BMT Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda oʻtkazilayotgan Inson huquqlari boʻyicha birinchi Osiyo forumi natijalari doirasida yanada mustahkamlashga tayyor ekani qayd etildi.