20.11.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida “Maqom” nomli kitob-albom nashr etildi.
Oʻzbek xalqining noyob musiqiy merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodga bezavol yetkazishga xizmat qiluvchi ushbu nashr qadimgi mutafakkirlar, alloma va shoirlarning maqom sanʼatiga bagʻishlangan risolalariga oid boʻlimlarni oʻz ichiga olgan.
Kitobda mazkur sanʼatning falsafasi, Forobiy, Ibn Sino, Marogʻiy, Kavkabiy kabi allomalar asarlari, turli maqom yoʻllari, jumladan, Buxoro Shashmaqomi, Xorazm Olti yarim maqomi va Dutor maqomi, Fargʻona-Toshkent maqomi tarixiga alohida eʼtibor qaratilgan. “Tanbur chizgʻilari” deb nomlangan milliy nota yozuvining kashf etilishi hamda uning vositasida Olti yarim maqom, Dutor maqomlarining notalashtirilishi, shu bilan birga, oʻtgan asr boshlarida maqomning ilk bora perfokartalarga muhrlanishi yoritilgan. Shuningdek, maqom ijrochiligida keng qoʻllaniladigan sozlarni yasashning oʻziga xos xususiyatlari va texnologiyasi bayon etilib, mashhur ustalarning nomlari keltirilgan.
Oʻzbekistonning turli hududlari madaniy taraqqiyotida maqomning tutgan oʻrni va maktablarini aks ettiruvchi betakror, keng koʻlamli fotokompozitsiyalar bilan bezalgan nashrda mazkur yoʻnalishdagi sanʼatning soʻnggi yuz yillik tarixiga oid nodir fotosuratlar ham oʻrin olgan.
Kitob-albomga “Shashmaqom. Oltin bisot” nomli multimedia toʻplami ilova qilingan boʻlib, ushbu audiokolleksiya akademik Yunus Rajabiy boshchiligida tashkil etilgan “Maqom” ansambli tomonidan 1959-1963-yillari ijro etilgan va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Oltin fondida saqlanib kelmoqda.
Taʼkidlash joiz, 2017-yil 17-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjatda oʻzbek maqom sanʼatini chuqur oʻrganish uchun zaruriy shart-sharoit yaratish, oʻziga xos ijro maktablari va anʼanalarni ravnaq toptirish, maqom “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targʻib qilish koʻzda tutilgan. Asosiy vazifalar qatorida Shahrisabz shahrida anʼanaviy tarzda Xalqaro maqom sanʼati forumini oʻtkazish hamda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi faoliyatini tashkil etish belgilangan. Joriy yilda birinchi marta muvaffaqiyatli ravishda oʻtkazilgan Xalqaro forumga dunyoning 70 dan ziyod mamlakatidan sanʼatkorlar, musiqashunos-olimlar va tadqiqotchilar, xalqaro ekspertlar tashrif buyurdilar.