31.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 31-oktabr kuni ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi muhim sana – Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanganining 20 yilligi munosabati bilan bir-biriga tabrik yoʻlladi.
Davlatimiz rahbari oʻz maktubida qardosh Qozogʻiston xalqini samimiy tabriklab, ushbu muhim hujjat umumiy tarix, maʼnaviy va madaniy mushtaraklik bilan bogʻlangan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlab berganini taʼkidladi.
Maktubda Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma hamda Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qoʻshnichilikni mustahkamlash toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyaning imzolanishi oʻzaro hamkorlikni izchil rivojlantirishda yangi bosqich boʻlgani qayd etilgan.
Joriy yilda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida oʻtkazilayotgan madaniy-gumanitar va ishbilarmonlik tadbirlari xalqlarimiz yaqinligining yorqin ifodasi boʻlmoqda.
Mamlakatlarimiz Markaziy Osiyoda ishonch, ochiqlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash muhitini mustahkamlash, tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashda qatʼiy ekani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev oʻz maktubida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnomaning 20 yilligi munosabati bilan samimiy qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdi.
Shartnoma ikki tomonlama munosabatlarda zamonaviy yoʻnalishlarni belgilab, ularni rivojlantirishga, xalqaro darajadagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshgani, Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ishonch va doʻstlikka asoslangan chinakam strategik sheriklik uchun poydevor boʻlgani alohida taʼkidlangan.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz barhayot qadriyatlar va cheksiz salohiyatga tayangan holda ikki tomonlama hamkorlikni yangi darajaga olib chiqqani hamda mintaqada har tomonlama sheriklikni birlashtirish uchun mustahkam asos shakllantirishni davom ettirayotgani qayd etilgan.
Mamlakatlarimiz hamkorligiga alohida surʼat baxsh etayotgan birgalikdagi faoliyatimiz va doʻstligimiz xalqlarimiz farovonligi yoʻlida izchil davom ettirilishiga qatʼiy ishonch bildirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi Prezidentlari ushbu muhim sana munosabati bilan xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.