19.10.2018
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi.
Unda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Rossiya Oʻzbekistonning muhim savdo sherigidir. Mamlakatlarimiz oʻrtasida erkin savdo tartibi amal qilmoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 30 foiz oʻsgan.
Muzokaralarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va nomenklaturasini diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish, transport va energetika sohalarida oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
«Sentyabr oyida hukumat rahbarlari raisligida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya majlisi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Hududlar oʻrtasidagi hamkorlik rivojlanmoqda. Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan birgalikda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Hisob-kitoblarimizga koʻra, joriy yilda tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollarga yetadi. Bu raqam rejalashtirganimizdan ham ortiq. Yaqin yillardagi vazifa savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Vladimir Putin davlatimiz rahbarini toʻliq qoʻllab-quvvatladi. Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlariga oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish boʻyicha zarur choralar koʻrish topshirildi. Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya faoliyatini yanada kuchaytirishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari tashrif doirasida umumiy qiymati 25 milliard dollar boʻlgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hujjatlar imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida 2019-2024-yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturining qabul qilinishi ham muhim ahamiyatga ega.
Muzokaralarda madaniy-gumanitar aloqalarni, ayniqsa, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Kuni kecha Toshkentda ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida oʻtgan “Yangi iqtisodiyot uchun yangi kadrlar” mavzuidagi birinchi Taʼlim forumi natijalari yuqori baholandi. Unda taʼlim va fan sohalaridagi hamkorlik, jumladan, mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari filiallarini ochish toʻgʻrisida 100 dan ortiq kelishuv imzolangani qayd etildi.