11.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-oktabr kuni yurtimizga tashrif bilan kelgan Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyibni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining shu yil 4-5-sentabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarimizni rivojlantirish yoʻlida tarixiy qadam boʻlganini qayd etdi.
Bugungi kunda muqaddas islom dinining bagʻrikenglik tamoyillarini, maʼrifiy qadriyatlarini targʻib etish, uning insonparvarlik mohiyatini saqlash, diniy-maʼnaviy merosni tadqiq etish, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida Oʻzbekiston va Misrda katta ishlar qilinayotgani uchrashuvda bayon etildi.
Xususan, “Jaholatga qarshi maʼrifat” bilan kurashish tamoyili asosida islomning ezgu gʻoyalarini zamondoshlarimizga, birinchi navbatda yoshlarga yetkazish maqsadida Toshkentda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari Al-Azhar universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari diniy ulamolar, olimlar, malakali professor-oʻqituvchilar va iqtidorli talabalar almashuvini yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Al-Azhar oʻz tarkibida islom tadqiqotlari akademiyasi, universitet, maʼhadlar, jome masjidi, bir qancha ilmiy markazlarni birlashtirgan yirik rasmiy diniy majmua hisoblanadi.
Misr Bosh imomi davlatimiz Rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik izhor etar ekan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining samimiy salomlari va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ahmad Tayyib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuqori baholadi.
Oʻzbekistonda islom dinining asl mohiyatini oʻrganish va targʻib qilish, diniy-maʼnaviy merosni keng tadqiq etish borasida olib borilayotgan siyosatni, BMTda ilgari surgan qator tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini aytdi.
U islom dini ravnaqiga katta hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy singari buyuk ulamolarimizning bebaho ilmiy merosini birgalikda oʻrganish muhim ekanligini qayd etdi.
Shayx Ahmad Tayyib Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining birinchi faxriy professori unvoni berilgani oʻzi uchun katta sharaf va ehtirom ekani hamda masʼuliyat bagʻishlashini bildirdi.
A. Tayyib Xalqaro islom akademiyasi tarkibida Al-Azhar universiteti kafedrasini tashkil etish, misrlik taniqli olimlarning yurtimizda dars berishi, Al-Azhar magistraturasida talaba va yosh olimlarimizning imtiyozli tahsil olishi, ikki davlat ulamolarining qoʻshma Fatvo hayʼatini tuzish hamda birgalikda ilmiy anjumanlarni va qoʻshima tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatladi.
Yuqori martabali diniy arbob Oʻzbekiston bilan munosabatlarni nafaqat taʼlim va gumanitar sohalarda, balki barcha jabhalarda izchil rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida Misr tomonining saʼy-harakatlari qatʼiyligiga ishonch bildirdi.