10.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 10-oktabr kuni mudofaa qurilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan xizmat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda qoʻshinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yanada oshirish, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlash, mavjud qurol-yarogʻ namunalarini modernizatsiya qilish, mintaqa va dunyo mamlakatlari bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni faollashtirish, harbiy shaharchalar infratuzilma obyektlarini, qoʻshinlarning texnik va front orti taʼminoti tizimlarini rivojlantirish, shuningdek, harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari va Qurolli Kuchlar faxriylarini ijtimoiy muhofaza qilish masalalari muhokama qilindi.
Harbiy okrug qoʻmondonliklarining harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbariyati bilan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qoʻshinlarning kundalik samarali faoliyatini tashkil etishda qoʻshilma va qismlar komandirlariga koʻmaklashish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi hamkorlik faoliyatining oraliq yakunlari ham koʻrib chiqildi.
Mudofaa vazirligi masʼul mansabdor shaxslarining qoʻshinlarning samarali jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini oshirish, boshqaruv organlari, birlashmalar, qoʻshilma va qismlar, oliy harbiy taʼlim muassasalari, shuningdek, mahalliy harbiy boshqaruv organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼruzalari tinglandi.
Mudofaa vazirligining axborotiga koʻra, hisobot davrida jami 120 dan ortiq tezkor-jangovar tayyorgarlik tadbirlari oʻtkazilgan, ularda tegishli vazirlik va idoralarning 15 mingdan ziyod harbiy xizmatchilari, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari ishtirok etgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida harbiy okruglarning jangovar imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi, doimiy shay holatdagi va maxsus topshiriqli mutlaqo yangi boʻlinmalar tuzildi. Koʻrilgan chora-tadbirlar tufayli qoʻshinlarning jangovar tayyorgarlik samaradorligi oshdi, boʻlinmalar jangovar shayligining vaqtga doir koʻrsatkichlari ikki barobar qisqartirildi, shaxsiy tarkibning professionallik darajasi yuksaldi.
Qisqa muddatda xorijning ilgʻor texnologiyalari va zamonaviy oʻquv vositalarini oʻzida mujassam etgan yangilangan Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi.
Xizmat yigʻilishi yakunlari boʻyicha Prezidentimiz tomonidan Qurolli Kuchlar faoliyatini yanada takomillashtirish va umuman mamlakat mudofaa qobiliyatini yuksaltirishning ustuvor yoʻnalish va vazifalari belgilab berildi. Qurolli Kuchlarni yanada isloh qilish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.