icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻzbekiston Prezidenti YUNЕSKO Bosh direktori bilan uchrashdi

08.10.2018

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Parij shahridagi YUNЕSKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi.

BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti - YUNЕSKO 1945-yil 16-noyabrda tuzilgan. Uning asosiy maqsadi taʼlim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga koʻmaklashishdir. Norasmiy ravishda “BMTning aql laboratoriyasi” deb ataladi. Javoharlal Neru oʻz vaqtida YUNЕSKOga “insoniyat vijdoni” deb taʼrif bergan.

Bugungi kunda unga 195 ta mamlakat aʼzo hisoblanadi. Oʻzbekiston tashkilotga 1993-yil 26-oktabrda aʼzo boʻlgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrif YUNЕSKOdagi uchrashuvdan boshlangani chuqur maʼno va muhim ahamiyatga ega ekanini, Oʻzbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.

Odri Azule davlatimiz rahbarini tashrifi bilan samimiy qutlab, Oʻzbekiston bilan hamkorlik rivojida ushbu uchrashuv gʻoyat muhimligini qayd etdi.

Mamlakatimiz YUNЕSKO Ijroiya kengashi tarkibiga ikki marta saylangan. Ushbu tashkilot bilan birgalikda xalqaro miqyosda Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Kamoliddin Behzod, qadimiy shaharlarimiz Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Samarqand, Margʻilon va Toshkent, “Alpomish” dostoni va “Avesto” kitobi, shuningdek, Xorazm Maʼmun akademiyasining yubileylari keng nishonlandi. Buxoro shahri tashkilotning “Tinchlik tarafdori boʻlgan shaharlar” sovrini bilan taqdirlangan.

Usmon Masʼhafi va Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar toʻplami YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” roʻyxatiga kiritilgan.

Xivadagi “Ichan qalʼa” majmuasi, madaniyatlar chorrahasi - Samarqand, Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, shuningdek, Chotqol biosferasi YUNЕSKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Shoshmaqom, Boysun madaniy makoni, Katta ashula, askiya, osh, Navroʻz, atlas va adras ishlab chiqarish texnologiyalari tashkilotning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan.

Oʻzbekistonning YUNЕSKO bilan hamkorligi oʻzbek musiqiy madaniyatini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, YUNЕSKO koʻmagida Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta “Sharq taronalari” xalqaro festivali oʻtkazib kelinmoqda. Joriy yil sentyabr oyida Shahrisabzda ilk bor Xalqaro maqom sanʼati forumi oʻtkazildi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining YUNЕSKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi taʼsis etildi.

Taʼlim sohasidagi hamkorlik ham istiqbolli va muhimdir. Oʻzbekiston “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida jismoniy va maʼnaviy barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan siyosatni amalga oshirmoqda.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yil sentyabr oyida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi va Bosh Assambleyaning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan edi.

YUNЕSKO Bosh direktori Oʻzbekiston Prezidentining ushbu tashkilot shafeligida tinchlik va bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirish, ekstremizmning oldini olish maqsadida Samarqand shahrida Mirzo Ulugʻbek nomidagi xalqaro institut tashkil etish, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti huzurida Taʼlimda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha mintaqaviy markaz hamda Samarqanddagi Turizm xalqaro universitetida YUNЕSKO kafedrasini tuzish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi.

Oʻzbekistonda Markaziy Osiyo yosh olimlari mintaqaviy forumini hamda 2019-yilda Toshkentda “Axborot texnologiyalari madaniy merosni asrash xizmatida” mavzuida Osiyo forumini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Bosh direktor Oʻzbekistonning butun insoniyat boyligi boʻlgan madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash borasidagi siyosatini yuksak baholadi.

Uchrashuv soʻngida Shavkat Mirziyoyev va Odri Azule Oʻzbekiston bilan YUNЕSKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021-yilgacha hamkorlik dasturini imzoladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev YUNЕSKOning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo