28.01.2017
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 27-28-yanvar kunlari Xorazm viloyatida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali bilan tanishdi.
Mazkur shifoxona aholiga davolash va profilaktika xizmati ko‘rsatib kelmoqda. Kardiologiya, kardioreabilitatsiya, kardioxirurgiya, intervension kardiologiya va fizioterapiya bo‘limlari, poliklinika faoliyat yuritmoqda.
Ushbu tibbiyot maskani negizida Rossiya Federatsiyasining A.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi ilmiy-amaliy markazi filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu chaqaloqlarda uchraydigan yurak nuqsonlarini aniqlash va davolash, yiliga 3 mingdan ziyod bemorga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatishga imkoniyat yaratadi. Mazkur shifoxona Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari aholisi uchun mintaqaviy markaz bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish, o‘quv yurtlarida qishloq vrachlik punktlariga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash, kasalliklarni erta aniqlashga erishish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish dolzarb masalalar hisoblanadi. Bunday markazlar bemorlarni davolash bilan birga ana shu ishlarga ham salmoqli hissa qo‘shishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida 1100 ga yaqin talaba ta’lim olmoqda. 16 kafedrada 161 professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda.
Ushbu filial negizida I.Pavlov nomidagi Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda klinika tashkil etilmoqda. Unda endokrinologiya, otoloringologiya, gematologiya, allergologiya, terapiya bo‘limlari ochiladi. Universitet olim va shifokorlari bu yerda dars beradi, diagnostika ishlarini olib boradi va davolaydi. Talabalar klinikada zamonaviy davolash usullarini chuqurroq o‘rganadi.
Prezidentimiz Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining Xorazm filiali va Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialida tashkil etiladigan bu ikki muassasa Orolbo‘yi aholisi uchun tarixiy va ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Bu markazlar mazkur hududda ko‘p uchraydigan kasalliklarni samarali davolash, tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilarning bilim va malakasini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Davlatimiz rahbari Oxund bobo masjidi qurilish uchastkasida bo‘ldi. Nuroniylar bilan suhbatda yoshlarni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalash, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, viloyatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar haqida so‘z bordi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xorazm viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi. Har bir murojaatni nazoratga olish va hal etish, fuqarolar uchun qulayliklarni yanada oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Urganch shahrida tashkil etiladigan sanoat korxonalari loyihalari bilan tanishdi.
“Mem gilan” xorijiy korxonasida infuzion qorishmalar, ampulalar, tabletka va kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Umumiy qiymati 29 milliard so‘mlik ushbu loyiha natijasida 200 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Hududda bunday farmatsevtika korxonasi yo‘qligi bois yangi quvvat dori vositalari narxini arzonlashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, yiliga 3,8 million dollarlik mahsulotni eksport qilish rejalashtirilgan.
“Urganch maxsus trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati Milliy bank ko‘magida maishiy chiqindini qayta ishlash loyihasiga kirishgan. Korxonada Xitoy texnologiyasi asosida yiliga 250 ming tonna chiqindini yig‘ish, saralash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu shahar ozodaligi, aholi salomatligini saqlash va bandlikni oshirishda muhim omil bo‘ladi.
“Urg-teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan yana bir loyiha ip-kalava ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. Korxona Germaniya va Turkiya uskunalari asosida yiliga 4 ming tonna mahsulot tayyorlash, 200 ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Har yili 6,5 million dollarlik tovar eksport qilish mo‘ljallanmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday korxonalarni mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Dorixonalar rahbarlari va vakillari bilan suhbatlashdi.
Shavkat Mirziyoyev xorazmliklar bilan saylovoldi uchrashuvida 2017-yilda O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozov tavalludining 100-yilligini keng nishonlash, mashhur hofiz nomi bilan ataladigan zamonaviy ijod markazi va uning tarkibida go‘zal bog‘ tashkil etishni taklif qilgan edi.
Prezidentimiz mazkur ijod markazi qurilish uchastkasini borib ko‘rdi. Bu yerda Komiljon Otaniyozov haykalini barpo etish, iste’dodli yoshlarning adabiyot va san’at, kino, fotografiya sirlarini o‘rganishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Urganch shahridagi 11-bolalar musiqa va san’at maktabida mehnat faxriylari, san’at va adabiyot namoyandalari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, odamlarning dunyoqarashi va ma’naviyatini yuksaltirish, aholi turmush darajasini yanada oshirish haqida so‘z bordi.
Uchrashuv qatnashchilari madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.