13.09.2018
Koʻksaroyda Oʻzbekiston va Belarus Prezidentlarining keng doiradagi muzokaralari boshlandi.
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoning avvalgi muloqotlari, samarali hamkorlik borasidagi qatʼiy intilishi natijasida Oʻzbekiston bilan Belarus oʻrtasidagi aloqalar barcha sohalarda faol tus oldi.
Parlamentlararo hamkorlik mustahkamlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati delegatsiyasi tashrif bilan Belarus Respublikasida boʻldi.
Shu yil avgust oyida Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya majlisi muvaffaqiyatli oʻtdi.
Mashinosozlik, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi sohalarda qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ishbilarmon doiralar va yetakchi korxonalarning biznes aloqalari mustahkamlanmoqda.
Keyingi ikki oyda mamlakatimizning barcha hududlari vakillari Belarusga tashrif buyurib, hamkasblari bilan hamkorlik oʻrnatdi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommmunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr amashildi. Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini, buning uchun intellektual, texnologik, mehnat resurslari borligini va, eng muhimi, oʻzaro intilish yuqoriligini taʼkidladi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hududlar rahbarlari hamkorlik uchun istiqbolli loyihalarni taklif qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaga tovar ayirboshlashning yuqori surʼatini taʼminlash, yaqin yillarda uni bir milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Hududlararo aloqalarni keng yoʻlga qoʻyish, xususan, mashinasozlik, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati, chorvachilik, meva-sabzavotni qayta ishlash, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga kelishib olindi. Qoʻshma korxonalar tashkil etib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasi qurish loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Sogʻliqni saqlash, fan va texnologiyalar, oliy taʼlim, madaniyat sohalarida hamda fanlar akademiyalari oʻrtasida hamkorlik boʻyicha ham kelishuvlarga erishildi.