05.09.2018
Oʻzbekiston va Misr Prezidentlarining keng doiradagi muzokaralarida savdo-sotiq va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, shu maqsadda mamlakatlarimiz imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish masalalari muhokama markazida boʻldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish boʻyicha katta imkoniyat va zahiralar borligini taʼkidladi. Oʻzaro savdo uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tovarlar va xizmatlar eksportini kengaytirish boʻyicha istiqbolli yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.
Oʻzbekiston Misr bozorida talab yuqori boʻlgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilishga tayyorligini bildirdi.
Misr Oʻzbekistonga dori-darmon, tibbiyot jihozlari, mebellar, neft-kimyo mahsulotlari, marmar, teri va plastik mahsulotlari yetkazib berish hamda xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini taklif qildi.
Bu boradagi loyihalar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya ishini faollashtirish, Oʻzbekiston – Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga kelishib olindi. Eksport qilishda transport xarajatlarini kamaytirish choralarini koʻrish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Misr turizm sohasida katta salohiyat va tajribaga ega mamlakat. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ham ushbu tarmoq jadal rivojlanmoqda. Muzokaralarda bu sohadagi aloqalarni kengaytirish, Oʻzbekistondagi qadimiy shaharlar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun Misrdan keladigan sayyohlarni koʻpaytirish mumkinligi qayd etildi. Toshkent, Qohira va Xurgada oʻrtasida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik boʻyicha ham ijobiy natijalarga erishildi. Misrning Al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi oʻrtasida faol hamkorlik oʻrnatishga kelishib olindi.
Muzokaralarda, shuningdek, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, madaniyat, sport va boshqa sohadardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.