03.09.2018
Qirgʻizistonning Choʻlpon ota shahrida 3-sentabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oltinchi sammiti boʻlib oʻtdi.
Unda ushbu tuzilmaga aʼzo mamlakatlar – Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Respublikasi Bosh vaziri Viktor Orban anjumanda faxriy mehmon sifatida qatnashdi.
Davlatimiz rahbari sammitda soʻzlagan nutqida xalqlarimizni oʻxshash til, mushtarak maʼnaviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bogʻlab kelayotgani, bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini qayd etdi.
“Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda oʻzaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga toʻla javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va taʼlim kabi sohalarda oʻzaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimizning siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat oʻzgardi, mintaqa davlatlari oʻrtasida doʻstona aloqalar mustahkamlandi.
Davlatimiz rahbarining Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Ozarbayjon Prezidentlari bilan uchrashuv va muloqotlari samarasida turli sohalardagi hamkorlik yanada rivojlandi. Mamlakatimizning Turkiy kengashga aʼzo davlatlar bilan oʻzaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshgan.
Oʻzbekiston Prezidenti bu koʻrsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkinligini taʼkidlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.
Transport yoʻnalishlarining integratsiyalashgan tarmogʻini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasiga eʼtibor qaratildi. Mamlakatlarni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga masʼul boʻlgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Turizmni rivojlantirish boʻyicha ulkan imkoniyatlar borligi, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishi qayd etildi. Shuningdek, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, yosh avlodni ilm-maʼrifat asosida tarbiyalash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlar, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani, ushbu xalqaro tuzilmaning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarashini taʼkidladi.
“Turkiy kengash doirasida oʻzaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uygʻotadigan yoʻnalishlar boʻyicha ishtirok etishga tayyormiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Qirgʻiziston Respublikasiga oʻtgani munosabati bilan Prezident Sooronbay Jeenbekovni tabrikladi.