31.08.2018
“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida davlatimiz mustaqilligining 27 yilligiga bagʻishlangan bayram tantanasi boʻlib oʻtmoqda.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, vatandoshlarimizni ushbu qutlugʻ sana bilan tabrikladi.
“Siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan bu qutlugʻ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yoʻlni bosib oʻtganini yana bir bor chuqur his etamiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yilda ham mamlakatimizda ulkan yutuqlar qoʻlga kiritildi, xaqimiz hayotida beqiyos oʻzgarishlar roʻy berdi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy zavod va korxonalar ishga tushirildi. Qishloq xoʻjaligida hosildorlik va eksport hajmi oshdi. Aholining real umumiy daromadlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 12 foizga oʻsdi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yurtimizning eng chekka hududlariga ham bunyodkorlik ruhini, adolat nafasini olib kirdi. Keyingi bir yarim yilda yangilangan loyihalar asosida qishloq aholisi uchun 38 ming 543 ta shinam uy-joy qurildi va 40 ming oila yangi xonadonga koʻchib oʻtdi.
“Bizning bosh maqsadimiz - xalqimizning roziligi. Bu Prezident sifatida mening, barcha boʻgʻindagi rahbar va mutasaddilar, deputat va senatorlar, butun davlat idoralarining faoliyatiga berilgan eng oliy va eng adolatli bahodir. Agar xalqimiz bizdan rozi boʻlsa, Yaratgan ham rozi boʻladi” dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz erishilgan natijalar bilan birga hali oldinda koʻp vazifalar turgani, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, yoshlarni ishga joylashtirish, ijtimoiy adolatni taʼminlash, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarini rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Bu boradagi barcha dolzarb masalalar xalq bilan muloqot asosida, uzoqni koʻzlab amalga oshirilishini taʼkidladi.
“Mana shu ulugʻ ayyomda barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori boʻlgan mehnatkash, mard va saxovatli, bagʻrikeng va olijanob halqimizga farzandlik mehrim bilan taʼzim qilaman” deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Bayram tadbiri tantanali konsert dasturi bilan davom etdi.