21.08.2018
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Siz azizlarni, yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlarni, butun xalqimizni shukronalik, saxovat va mehr-oqibat ayyomi – muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.
Qurbon hayitining maʼnaviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bagʻrikenglik, muruvvat, doʻstlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Bu qutlugʻ ayyomda hammamiz, avvalo, mana shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo ekanligi uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Bugungi kunda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning farovon hayoti, jondan aziz farzandlarimizning baxtu iqbolini taʼminlash yoʻlida amalga oshirayotgan barcha islohotlarimiz, jumladan, diniy-maʼrifiy sohadagi ishlarni tubdan takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarimiz dunyo hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng eʼtirof etilmoqda.
Yaqinda Amerika Qoʻshma Shtatlarining Vashington shahrida oʻtkazilgan diniy erkinliklar masalalari boʻyicha nufuzli xalqaro forumda Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar yuqori baholangani bu borada boshlagan ishlarimizning xalqaro miqyosda yuksak eʼtirof etilganiga yaqqol dalildir.
Biz islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk allomalarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, yoshlarimizni yuksak insoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashga alohida eʼtibor bermoqdamiz.
Dunyoda muqaddas dinimiz nomidan turli yovuz harakatlar sodir etishga urinishlar kuchayib borayotgan bir paytda, unib-oʻsib, hayotga yorugʻ yuz bilan kirib kelayotgan oʻgʻil-qizlarimizga muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini tushuntirib berish, ularni teran fikrlaydigan, shiddatli zamon mezonlari asosida yashaydigan maʼrifatli, dunyoqarashi keng, barkamol insonlar etib voyaga yetkazish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yoʻlda boshlagan islohotlarimiz kutilgan samarani berishi uchun barchamiz, butun xalqimiz bilan birgalikda hamjihat boʻlib ish olib borishimiz kundalik zaruratga aylanmoqda.
Mana shunday saodatli damlarda HAJ amallarini ado etayotgan yurtdoshlarimiz bugungi dorilamon kunlar uchun shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik soʻrab xayrli duolar qilmoqdalar. Ishonchim komil, bunday ulugʻ ibodatni ado etish sharafiga muyassar boʻlgan moʻmin-musulmonlarimiz ona
Vatanimizga qaytgach, shaxsiy hayotda, ijtimoiy faoliyatda boshqalarga ibrat va namuna koʻrsatadilar, yoshlarni fidoyi va vatanparvar etib tarbiyalash, adashgan insonlarni toʻgʻri yoʻlga boshlashdek savob ishlarga munosib hissa qoʻshadilar.
Ushbu ulugʻ ayyom kunlarida uzoq va yaqin musulmon mamlakatlarning xalqlarini, barcha doʻstlarimizni samimiy qutlab, ularga tinchlik va xotirjamlik, taraqqiyot hamda farovonlik tilaymiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish eʼlon qilingani xalqimizning kayfiyatini koʻtarib, bayramga alohida fayz va shukuh baxsh etmoqda. Bunday fazilatli kunlarda yurtdoshlarimiz qadimiy va tabarruk maskanlarni, buyuk ajdodlarimizning moʻtabar qadamjolarini ziyorat qilib, qarindosh-urugʻlari, yaqinlari holidan xabar olib, ruhiy taskin, maʼnaviy oziq olmoqdalar.
Barchangizni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Duogoʻy keksalarimizning mana shunday fazilatli damlarda elu yurtimiz haqiga qilgan ezgu niyat va tilaklari ijobat boʻlsin!
Xonadonlarimizda fayzu baraka va osoyishtalik ziyoda boʻlsin!
Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yanada mustahkam va barqaror boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti