16.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Xalqimizning maʼnaviy hayotida alohida oʻrin tutadigan, muqaddas islom dinining ezgu gʻoyalarini yaqqol ifoda etadigan qadimiy bayramimiz Qurbon hayitini munosib nishonlash, jamiyatimizda insonparvarlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik tuygʻularini kuchaytirish, yoshlarimizda yuksak fazilatlarni kamol toptirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2018-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 21-avgust seshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi “2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF–5290-son Farmoniga muvofiq 2018-yil 21-23-avgust kunlari – Qurbon hayitining birinchi uch kuni mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Qurbon hayitining joylarda yuqori saviyada, xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi “2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF–5290-son Farmoni 2-bandining oltinchi xatboshisidagi “24-avgust – jumaga” soʻzlari “22-avgust – chorshanbaga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev