14.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda barkamol avlodni shakllantirish, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismonan sogʻlom etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Jumladan, maktabgacha taʼlimning zamonaviy tizimi, 11 yillik umumiy oʻrta taʼlim joriy qilinmoqda, zamonaviy oliy taʼlim muassasalari hamda nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda.
Yoshlarning bandligini taʼminlash va ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish boʻyicha ishlarni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish va amalga oshirish maqsadida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilindi.
Yoshlar bilan doimiy muloqot qilish mazkur sohadagi dolzarb muammolarni aniqlash va hal etishda davlat organlari va jamoat tashkilotlari faoliyatining ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlarning tahlili bu borada ayrim muammolar saqlanib qolayotganligini koʻrsatmoqda. Xususan:
birinchidan, yosh avlod ongiga Vatanga sodiqlik va uning taqdiri uchun daxldorlik hissini singdirishga, ularda yot gʻoya va qarashlarning salbiy taʼsiriga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yetarli darajada samara bermayapti;
ikkinchidan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, shuningdek, ekstremizm, terrorizm va boshqa buzgʻunchi gʻoyalarga nisbatan murosasizlikni shakllantirish yuzasidan davlat organlari va jamoat tashkilotlarining faoliyati hamon talab darajasida emas;
uchinchidan, oʻquvchi-yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun zarur boʻlgan madaniy-koʻngilochar obyektlar, maktabdan tashqari taʼlim muassasalari, shu jumladan, joylarda turli ijodiy va taʼlim toʻgaraklari, sport seksiyalarining yetishmasligi bolalarning sogʻlom ruhda tarbiyalanishiga va toʻgʻri hayot yoʻlini tanlashiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;
toʻrtinchidan, oʻqituvchi va murabbiylarning ijtimoiy mavqei va nufuzi pasayib ketganligi, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish tizimi bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermasligi yosh avlodni oʻqitish va tarbiyalash hamda mustaqil dunyoqarashini shakllantirish borasida jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda;
beshinchidan, yoshlarning oliy taʼlim muassasalariga qamrab olinish darajasi pastligi, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik yetarlicha yoʻlga qoʻyilmaganligi malakali kadrlarning yetishmasligiga va olib borilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsadga toʻliq erishilmasligiga sabab boʻlmoqda;
oltinchidan, sohada qonun buzilishi holatlarining saqlanib qolayotganligi, shu jumladan, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishida nazoratning yetarli darajada emasligi tizimli muammolarni yuzaga chiqarmoqda.
Qayd etilgan muammolarni bartaraf etish, yosh avlodni tarbiyalash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish, taʼlim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oʻqituvchilik kasbining nufuzini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Quyidagi ustuvor yoʻnalishlarni nazarda tutuvchi Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yuksak maʼnaviyatli, qatʼiy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarashga ega boʻlgan fidoiy va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalash;
pedagog xodimlarning qadr-qimmati va nufuzini oshirish, ularning moddiy-maʼnaviy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish;
yoshlar jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish;
oʻquvchi-yoshlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ijtimoiy ehtiyojmand oilalar farzandlarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash.
Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari Dasturning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
2. Yoshlar masalalari boʻyicha respublika idoralararo kengashi (A.N.Aripov):
vazirlik va idoralarning mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda Dasturning amalga oshirilishi boʻyicha ishchi guruhlarni tashkil etsin, ularning samarali ishlashini taʼminlasin;
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tahlil qilib borsin;
taʼlim-tarbiya sohasida qonun buzilishi holatlarining sabab va shart-sharoitlarini oʻrganish hamda ularni bartaraf etish, joylarda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni oʻrganish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilasin.
3. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:
a) 2018-yil 1-sentyabrdan:
boshlangʻich sinf oʻqituvchilari uchun 1,1 baravarga;
yuqori sinf oʻqituvchilari uchun oʻrtacha 1,24 baravargacha;
direktor, uning oʻrinbosarlari va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirilsin.
b) 2019-yil 1-yanvardan:
oliy toifali oʻqituvchilar uchun 1,25 baravarga;
birinchi toifali oʻqituvchilar uchun 1,2 baravarga;
ikkinchi toifali oʻqituvchilar uchun 1,15 baravarga;
mutaxassis oʻqituvchilar uchun 1,1 baravarga;
direktor, uning oʻrinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirilsin.
4. Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida, ulardagi oʻquvchilar sonidan kelib chiqib, 2018-yil 1-sentyabrdan boshlab psixolog shtat birligi quyidagicha belgilansin:
250 nafargacha – 1 shtat birligida;
250 nafardan 800 nafargacha – 1,5 shtat birligida;
800 nafardan 1600 nafargacha – 2 shtat birligida;
1600 nafardan 3000 nafargacha – 2,5 shtat birligida;
3000 nafar va undan ortiq – 3 shtat birligida.
Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida oliy maʼlumotli psixologlar uchun bazaviy tarif stavkalar 2018-yil 1-sentyabrdan ushbu muassasa mutaxassis oʻqituvchilar bazaviy tarif stavkalarining 90 foiziga tenglashtirilsin, 2019-yil 1-yanvardan esa 1,1 baravarga oshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018-yil 1-noyabrga qadar muddatda oʻquvchilarni psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlash ishlarini yanada takomillashtirish boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin.
5. Umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchilarining dars va toʻgarak mashgʻulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar boʻyicha hisobotlar va qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2018-yil 1-noyabrga qadar ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan umumtaʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan pedagog kadrlarni faoliyatining natijaviyligi asosida ragʻbatlantirishning shaffof tizimini joriy etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi ikki oy muddatda:
hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibini;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyatini moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va asosiy faoliyati boʻyicha qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatish tartibini;
taʼlim rivojiga munosib hissa qoʻshgan, davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan pedagog kadrlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida imtiyozli shartlarda sogʻlomlashtirish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy bank, “Oʻzshaharqurilishinvest” va “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyalari bilan birgalikda ikki oy muddatda har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar boʻyicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini xalq taʼlimi tizimidagi pedagog xodimlarga 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida dastlabki badali 10 foiz boʻlgan ipoteka krediti sifatida berish, shuningdek, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida pedagog xodimlarning oila aʼzolariga issiqxona tashkil etish, qoramol, parranda sotib olish va tadbirkorlik faoliyati uchun 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, yillik 7 foiz stavka miqdorida kreditlar berish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Moliya vazirligi, Markaziy bank, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda Xalq taʼlimi vazirligi huzurida xalq taʼlimi tizimidagi xodimlar uchun ipoteka krediti, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun isteʼmol kreditlari berishni moliyalashtirish boʻyicha maxsus jamgʻarmani tashkil etish, unga Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 100 million AQSH dollari ajratish hamda xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan taqdim etilgan roʻyxat boʻyicha xalq taʼlimi tizimidagi pedagog xodimlarga isteʼmol kreditlari, shu jumladan, avtotransport vositalari sotib olish uchun maxsus jamgʻarma hisobidan quyidagi shartlarda kreditlar berish tartibi oʻrnatilsin:
kreditni berish muddati – 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga;
dastlabki badal summasi – sotib olinayotgan avtotransport vositasi qiymatining 25 foizi;
kredit uchun foiz stavkasi – Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan koʻp boʻlmagan miqdorda.
“Oʻzavtosanoat” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan taqdim etiladigan pedagog xodimlar roʻyxati asosida ular tomonidan tijorat banklari kreditlari hisobiga avtotransport vositalari sotib olish uchun avtotransport vositalari ajratilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda xalq taʼlimi sohasida barkamol avlodni voyaga yetkazishda fidokorona mehnat qilayotgan, yoshlarni vatanparvarlik gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshayotgan xalq taʼlimi tizimi xodimlarini taqdirlash uchun davlat mukofoti taʼsis etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin hamda oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-2020-yillarda pedagoglik kasbining yuksak ijtimoiy mavqei va obroʻsini targʻib qiluvchi “Oʻqituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ni tashkil etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Qurilish vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Oʻqituvchi va murabbiylar xiyobonlari”ning konsepsiyasi va namunaviy loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2018/2019-oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, sanʼat va madaniyat maktab-internatlari, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari hamda akademik litseylar bitiruvchilariga aʼlo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlaridagi faolligi uchun beriladigan oltin va kumush medallarni taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud, 10-11-sinflardagi barcha fanlardan oraliq, yakuniy nazoratlari, choraklik va yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan 11-sinf bitiruvchilariga beriladi;
kumush medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud, 10-11-sinflardagi barcha fanlardan yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan 11-sinf bitiruvchilariga beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini aʼlo baholarga oʻqiganligi, namunali xulq-atvori va jamoat ishlaridagi faolligi uchun oltin va kumush medal bilan taqdirlash tartibini tasdiqlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar, oliy taʼlim, maktabdan tashqari taʼlim sohasiga davlat-xususiy sheriklikning joriy etilishi borasida mavjud ahvolni va ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasini, jumladan, joyiga chiqqan holda oʻrganib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar, Oʻzbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan birgalikda ikki oy muddatda jahondagi oliy taʼlim muassasalari reytingida 1000 talik roʻyxatga kiradigan xorijiy oliy taʼlim muassasalarining, shu jumladan, pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining filial (fakultet)larini Oʻzbekiston Respublikasida litsenziya olmasdan va boshqa imtiyozli shartlarda tashkil etish masalasini oʻrganib chiqsin hamda aniq takliflar kiritsin.
16. Quyidagilar taqiqlansin:
xalq taʼlimi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish;
xalq taʼlimi xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna boʻlishini tashkil etish;
xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan asoslarga va oʻrnatilgan tartibga rioya etmagan holda tekshirish.
Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari mazkur talablar buzilgan hollarda tegishli javobgarlikka tortilishi haqida qatʼiy ogohlantirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini oʻtkazsin hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Xalq taʼlimi vazirligi, uning hududiy tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, shu jumladan, uning tashkiliy tuzilmasini qayta koʻrib chiqish va shtatlar sonini maqbullashtirish orqali taʼlim sohasiga boshqaruvning ilgʻor uslublarini joriy etish yuzasidan takliflar kiritsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2019-yil 1-avgustga qadar Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlimning amaldagi tayanch oʻquv rejasini qayta koʻrib chiqib, 2019/2020-oʻquv yilidan boshlab 10 foizga qisqartirish hamda mazkur fanlar boʻyicha dars soatlari qisqartirilgan mutaxassislarni talab yuqori boʻlgan boshqa oʻquv fanlarga bepul qayta tayyorlab oʻtkazish yuzasidan taklif kiritsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror va dasturlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni 2018-yil uchun ajratsin hamda 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari A.A.Abduvaxitov va Q.K.Kuranbayev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev