14.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 avgust kuni mamlakatimiz iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Unda hukumat aʼzolari, davlat organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Shu yil 19-iyulda qabul qilingan qarorga koʻra, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 64 milliard dollar boʻlgan 849 ta loyiha roʻyxati shakllantirildi. Davlatimiz rahbari joriy yilda 5 milliard 800 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi zarurligini alohida taʼkidladi.
Bu borada tartib-intizom va samaradorlikni taʼminlash maqsadida joriy yilgi loyihalarni amalga oshirish uchun nafaqat Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va tarmoq idoralari rahbarlari, balki Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlar, qoʻmita raislari hamda Prezident maslahatchilari shaxsan masʼul etib biriktirildi.
Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri barcha investitsiya loyihalariga umumiy rahbarlik qilish bilan birga 144 ta loyiha boʻyicha, Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari 18 ta loyiha boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishiga bosh-qosh boʻladi.
Videoselektorda qaysi rahbar qanday investitsiya loyihalariga masʼul ekani, ularning qiymati va bajarilish muddatlari birma-bir muhokama qilindi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoyalarni jalb etish holati boʻyicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.
Loyihalarni amalga oshirishga masʼul har bir rahbar shu boʻyicha jadval tayyorlab, har hafta hududga chiqishi, loyiha tashabbuskorlari bilan gaplashib, muammosi boʻlsa, zudlik bilan hal etishi, loyihalarni doimiy ravishda monitoring qilib borishi zarurligi taʼkidlandi. Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda loyihalar monitoringi boʻyicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish vazifasi qoʻyildi.
“Agar loyihalarni amalga oshirish monitoringini avtomatlashtirilgan tizimga oʻtkazmas ekanmiz, bu boradagi muammolarni oʻz vaqtida aniqlay olmaymiz. Bu tizim toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy sarmoya kiritayotgan investorlarga amaliy qoʻmaklashib, ularning ishini osonlashtirishi zarur” dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yaqinda Jizzax viloyatida xalqaro investitsiya forumi va Tovar ishlab chiqaruvchilar milliy koʻrgazmasini oʻtkazish rejalashtirilgan. Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Jizzax viloyati hokimligiga mazkur tadbirlarni yuqori saviyada tashkillashtirish, har bir soha, tarmoq va hudud boʻyicha maxsus taqdimotlar tayyorlab, namoyish etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda mahalliy hokimliklar rahbarlarining xorijiy davlatlarga uyushtirgan xizmat safarlari natijalariga ham eʼtibor qaratildi.
Avval berilgan topshiriqqa muvofiq, Ishchi guruh tomonidan bu boradagi ishlar oʻrganilgani, xususan, Fargʻona, Andijon, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida bir qator muammolar aniqlangani qayd etildi. Ushbu hududlarda farmatsevtika, elektrotexnika va mashinasozlik sohasida keng imkoniyatlar boʻlsa-da, asosan qurilish materiallari va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash loyihalari bilan cheklanib qolingani tanqid qilindi. Yuqori texnologik tarmoqlarga asoslangan loyihalar esa umuman yoʻq.
Koʻpchilik delegatsiya aʼzolarining maqsadli dasturi boʻlmagani, chet elliklarga hududning iqtisodiy salohiyati boʻyicha aniq maʼlumotlar bermagani, ayrim kelishuvlar qogʻozda qolib ketayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, joriy yilning mart oyida Belgiyaga borgan Namangan viloyati delegatsiyasi Norin tumanida 200 bosh qoramolga moʻljallangan chorvachilik kompleksini tashkil etish boʻyicha 3 million dollarlik loyiha kelishuvini imzolagan. Biroq, oradan 5 oy oʻtganiga qaramasdan uni amalga oshirish boʻyicha amaliy ish boshlanmagan.
Qator delegatsiyalar xizmat safari davomida shartnomalarning quruq soni ortidan quvayotgani, oqibatda ushbu bitimlar natijador boʻlmay, oʻta mavhum, madaniy-gumanitar xarakterga ega boʻlib qolayotgani qayd etildi.
Shu bois Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Tashqi ishlar vazirligiga mahalliy delegatsiyalarning xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari oldidan tashrifning maqsadi, taklif etilayotgan loyihalar va kutilayotgan amaliy natijalar boʻyicha taqdimot oʻtkazishi tartibini joriy etish vazifasi qoʻyildi. Xizmat safarida erishilgan kelishuvlar boʻyicha “yoʻl xaritalari” va tarmoq jadvallari ishlab chiqish hamda qatʼiy ijro etish boʻyicha topshiriqlar berildi.