10.08.2018
Muhtaram doʻstlar!
Hurmatli quruvchilar!
Siz, azizlarni – mamlakatimizning qurilish sohasini ravnaq toptirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan barcha yurtdoshlarimizni bugungi kasb bayramingiz – Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mana shu qutlugʻ ayyomda sizlarga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan ezgu tilaklar va chuqur minnatdorlik bildiraman.
Biz sizlarning timsolingizda oʻz mehnati bilan shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda yangi ishlab chiqarish korxonalari, muhim ijtimoiy obyektlar, muhtasham uy-joylar, yoʻl va koʻpriklar barpo etib, hayotimizni yanada obod, goʻzal va tarovatli etish yoʻlida fidokorona mehnat qilib kelayotgan olijanob kasb egalarini koʻramiz.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda, butun mamlakatimiz kabi, qurilish sohasi ham oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga koʻtarilmoqda.
Iqtisodiyotimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ijtimoiy hayotimizdagi ulkan oʻzgarishlar, jumladan, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida belgilab olgan vazifalarimiz soha rivojini mutlaqo yangicha tarzda, zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlari asosida tashkil etishni talab etmoqda.
Bunyodkorlik yoʻnalishidagi ishlarimizning miqyosi va koʻlamini birgina “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida mamlakatimizdagi 159 ta tumanda 416 ta qishloqni obodonlashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan bosh rejalar asosida qisqa muddatda 320 ta maktab, 231 ta maktabgacha taʼlim, 148 ta sogʻliqni saqlash muassasasi va 77 ta mahalla fuqarolar yigʻini binolari, koʻplab koʻcha va maydonlar, jamoat maskanlarida katta qurilish ishlari olib borilayotganida koʻrish mumkin.
Bu borada davlat – xususiy sheriklik munosabatlari, qurilish tashkilotlari va aholi hamkorligi kabi yangicha faoliyat shakllari samarali qoʻllanayotganini alohida taʼkidlash lozim.
“Obod mahalla” dasturi boʻyicha 2018-yilda mamlakatimizning 148 ta mahallasida taʼmirlash, ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz tarmoqlari, ichki yoʻllar, ijtimoiy soha va bozor infratuzilmasi obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari boshlanib, oʻzining dastlabki natijalarini berayotgani barchamizni albatta quvontiradi.
Butun yurtimizni qamrab olgan ana shunday salmoqli ishlarda, shuningdek, bu yil namunaviy loyihalar asosida quriladigan 3,5 million kvadrat metrdan iborat 28 435 ta arzon uy-joylarni barpo etishda biz, avvalo, sizlarning professional malakangiz, bilim va tajribangiz, yuksak mahoratingizga tayanamiz.
Xalqimizning hayot sifati va darajasini oshirishga bevosita xizmat qiladigan bunday ezgu ishlar haqida gapirganda, aholi punktlarini qurishda kompleks yondashuv asosida uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga hududlarda ijtimoiy infratuzilma obyektlari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, taʼlim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, yangi istirohat bogʻlari va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlash lozim.
2018-yilgi Investitsiya dasturi boʻyicha 1 114 ta ijtimoiy soha obyektlarida keng koʻlamli qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunda “sahrodagi moʻjiza” deb eʼtirof etilayotgan Qandim gazni qayta ishlash kompleksi, yurtimizdagi yangi-yangi erkin iqtisodiy zonalar, sanoat hududlaridagi yirik obyektlar qurilishi, turli kommunikatsiya tarmoqlari – bularning barchasi sizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingiz natijasi ekanini xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati jadal rivojlanib borayotgani ham soha taraqqiyotida muhim rol oʻynamoqda. Birgina uy-joy binokorligida foydalanilayotgan sifatli qurilish materiallarining 95 foizi mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Eng muhimi, bunday oʻzgarishlar qad koʻtarayotgan imoratlarning mustahkamligini va narxi nisbatan arzonligini taʼminlashga, yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda zamon, islohotlarimizning oʻzi barcha jabhalar qatori ushbu sohada ham yangi, yanada dolzarb vazifalarni oldimizga qoʻymoqda.
Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, qishloqlarni tuman markazlari bilan bogʻlaydigan zamonaviy yoʻllar qurish, namunaviy loyihalar asosida yangi bogʻchalar, maktablar, oilaviy poliklinikalar barpo etish, bozor infratuzilmasi obyektlari va servis shoxobchalarini koʻpaytirish, aholi va pudrat tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlarini qurilish materiallari bilan markazlashgan holda taʼminlash tizimini yoʻlga qoʻyish, qurilish bozorini yangi innovatsion xizmatlar bilan toʻldirib borish, soha uchun yuqori malakali qadrlar tayyorlash kabi masalalar biz uchun gʻoyat dolzarbdir.
Ishonaman, qoʻli gul, azmu shijoatli Oʻzbekiston quruvchilari bor bilim va tajribasi, kuch va imkoniyatlarini safarbar etib, bunday ulugʻvor vazifalarni albatta sharaf bilan ado etadilar.
Aziz va muhtaram qurilish sohasi xodimlari!
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yoʻlida olib borayotgan xayrli ishlaringizda doimo yutuq va muvaffaqiyatlar yor boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti