09.08.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni atrof-muhitni muhofaza qilish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 21-apreldagi “2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori natijasida ilgari boshqaruvchisi va egasi bo‘lmagan mazkur sohada yagona tizim shakllandi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida tashkil qilingan “Toza hudud” korxonalari joriy yilning yetti oyida 49 milliard so‘m daromad olishga erishdi. Joylarda chiqindilarni qayta ishlash korxonalari qurilmoqda. Yil oxirigacha aholini chiqindi tashish xizmati bilan qamrab olish darajasi 62 foizga yetkazilishi kutilmoqda.
Biroq mazkur yo‘nalishdagi ishlar hali yetarli emasligi, yana qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi.
Aholini chiqindi tashish xizmati bilan 100 foiz qamrab olish uchun yana 500 ta maxsus texnika sotib olish, sohada davlat-xususiy sheriklik yo‘nalishini keng joriy etish, aholidan to‘lovlarni Majburiy ijro byurosi tomonidan yig‘ish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda chiqindilarni qayta ishlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ohangaron tumanida Janubiy Koreyaning “Sejin” kompaniyasi bilan hamkorlikda 55 million dollarlik loyiha boshlangani qayd etildi. Ushbu loyiha natijasida chiqindi poligonidan biogaz olib, 16 megavatt yoki 10 mingta xonadon iste’moli uchun yetarli elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Prezident sohaga xorijiy investorlarni jalb etish, chiqindini qayta ishlash va undan energiya olish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
“Sohada dunyo tajribasida keng qo‘llanilayotgan “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili asosida yangi tartib joriy qilish kerak. Ya’ni, mahsulotdan hosil bo‘ladigan chiqindini utilizatsiya qilish uni ishlab chiqaruvchi korxonalar hisobidan qoplanishi lozim. Bu xarajatlarning odamlarga og‘irligi tushmasligi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Obodonlashtirish boshqarmalari moddiy-texnik bazasini yangilash, boshqaruvda zamonaviy usullarni joriy etish, chiqindi poligonlarini sanitar talablar asosida tartibga keltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Texnikalarni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, ularning joylarga chiqishini elektron boshqarish, xizmatlar uchun tushumlar hisob-kitobini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ayrim odamlarda haligacha chiqindini maxsus belgilangan joyga tashlash, o‘z ko‘chasi va hududini ozoda saqlash madaniyati shakllanmagani qayd etildi. Shu bois hududlarni ifloslantirganlik uchun javobgarlikka tortishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglanib, tegishli topshiriqlar berildi.