26.07.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-iyul kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish, bu boradagi qoloqliklarni bartaraf etish, sarmoyalarni o‘zlashtirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar hokimlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Joriy yilda investitsiya va infratuzilma loyihalari dasturlari doirasida barcha manbalar hisobidan 2 ming 612 ta investitsiya loyihasini amalga oshirib, jami 6 milliard 850 million dollardan ziyod mablag‘larni o‘zlashtirish belgilangan.
Yig‘ilishda mazkur sarmoyalarni o‘zlashtirish va loyihalarni amalga oshirish holati sustligi tanqid qilindi.
Buning asosiy sabablaridan biri tarmoqlar va korxonalar rahbarlarining mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamay, mablag‘larning asosiy qismini o‘zlashtirishni yil oxiriga belgilash amaliyotidir. Yana bir sabab – kredit resurslari puxta ishlangan va hujjatlari tayyor loyihalar uchun emas, balki “oldin mablag‘ olaylik, keyin bir gap bo‘lar” qabilida jalb qilingan. Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish bahonasi bilan ko‘p jarayonlar murakkablashtirib yuborilgan, ortiqcha byurokratik to‘siqlar paydo bo‘lgan.
Shu kabi muammolarni bartaraf etish, investitsiya loyihalari ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash maqsadida joriy yil 16-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro moliya institutlari va xorijiy mamlakatlar moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar hujjatlarini tayyorlash va bajarish samaradorligini oshirishga oid qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, endi bunday loyihalar mutlaqo yangi tizim asosida amalga oshiriladi.
Birinchidan, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va hokimliklar takliflari asosida istiqbolli loyihalarning yig‘ma ro‘yxati shakllantirilib, shu asosda Investitsiya qo‘mitasi tomonidan xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tartibi belgilandi.
Ikkinchidan, loyihalarning texnik-iqtisodiy asosini Loyiha boshqaruvi milliy agentligida ekspertizadan o‘tkazish talabi bekor qilinib, ular faqat Investitsiya qo‘mitasi va Moliya vazirligida bir vaqtning o‘zida ekspertiza qilinadi. Natijada, avval mazkur ekspertiza uchun o‘rtacha 60 kun ketgan bo‘lsa, endi 14 kun talab etiladi.
Shu bilan birga, loyihani amalga oshirish jarayonida shartnomalar qiymati aniq sabablarga ko‘ra 20 foizgacha oshadigan bo‘lsa, tasdiqlangan texnik iqtisodiy asoslarga o‘zgartirish kiritilmaydi. Ilgari ushbu jarayonlar ham kamida 3-6 oy vaqtni olar edi.
Uchinchidan, tender hujjatlari va tender asosida tuzilgan shartnomalar endi hech qanday ekspertizadan o‘tmaydi. Tender hujjatlarini bundan buyon xarid komissiyasi tasdiqlaydi, shartnomalar esa Investitsiya qo‘mitasida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Ilgari “kvorum yig‘ilmadi” degan bahona bilan tenderlar qoldirilib, oylab, hatto yillab cho‘zilib ketar edi. Endi tender komissiyalarida bu talab bekor qilindi. Agar kvorum yig‘ilmasa ham, Investitsiya qo‘mitasi va “O‘zinjiniring” loyiha instituti vakillari ishtirok etayotgan bo‘lsa bo‘ldi, tender o‘tkaziladi.
Tenderlar bo‘yicha yana bir yengillik – talabgorlar soni bo‘yicha talab bekor qilindi. Ilgari 1 ta lotga kamida 3 ta talabgor bo‘lmasa, tender o‘tkazilmas edi. Endi talabgor bitta bo‘lsa ham, tender o‘tkaziladi, faqat hujjatlar xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlarining talablariga mos bo‘lsa bo‘ldi.
To‘rtinchidan, xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar doirasida xarid qilinadigan tovarlar qo‘shilgan qiymat solig‘i, bojxona to‘lovlari, maqsadli jamg‘armalarga yig‘imlardan, norezident shaxslar foyda va daromad solig‘idan ozod etildi. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirishga jalb etiladigan xorijlik mutaxassislar konsullik yig‘imlari hamda viza berish, ro‘yxatga qo‘yish va uzaytirish uchun davlat bojidan ham ozod etiladi.
Yig‘ilishda Investitsiya qo‘mitasiga xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi barcha loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, tender hujjatlari, import shartnomalarini yangi joriy qilingan tartib asosida ekspertiza qilish yoki ro‘yxatga olish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Bundan buyon xalqaro va xorijiy moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni bajarishda ishni “o‘zibo‘larchilik kayfiyati” asosida tashkil qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zlashtirilmagan har bir dollar uchun barcha darajadagi rahbarlar shaxsan javob beradi. Har bir loyiha tashabbuskori ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, loyihani ishlab chiqish, amalga oshirish va yakuniy natija uchun javobgar bo‘ladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda “Loyihani amalga oshirish guruh”lari foliyatini samarali tashkil qilish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Investitsiya qo‘mitasiga barcha guruhlar tarkibini qayta ko‘rib chiqib, ularni loyihalar kesimida emas, tarmoqlar yo‘nalishida ixtisoslashtirish asosida qayta tashkil etish topshirildi. Ulardagi ekspertlar mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirib, bilim va tajribali, halol, professional xodimlarni ishga qabul qilish zarurligi ta’kidlandi.
1 sentyabrdan joriy yil yakuniga qadar maxsus o‘quv kurslarini tashkil etgan holda loyiha guruhlarining rahbar va mutaxassislari malakasini oshirish, “Loyihalarni amalga oshirish guruh”lariga ishga qabul qilish uchun 1 yanvardan boshlab sertifikat tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Videoselektorda 2019 yilgi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlariga tarmoq va hududiy istiqbolli investitsiya loyihalari bo‘yicha investorlar topish, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga qaratilgan “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Investitsiya loyihalari, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishda oldimizga juda katta marralarni qo‘ymoqdamiz. Prezident qarorlari bilan bu boradagi barcha to‘siqlar olib tashlandi. Endi biron-bir bahonaga sabab qolmadi”, dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar rahbarlarining xorijiy davlatlarga uyushtirgan xizmat safarlari natijalari ham muhokama qilindi. Investitsiya qo‘mitasi hamda Tashqi ishlar vazirligiga hokimliklar delegatsiyalarining xorijiy xizmat safarlarida erishgan kelishuvlarini amalga oshirilishi yuzasidan ta’sirchan nazorat va muvofiqlashtirish tizimini joriy etish topshirildi.
Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari va hokimlarning hisobotlari tinglandi. Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish va loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, yangi quvvatlarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.