20.01.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yanada oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida 20-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi tashrifini qoraqalpoq zaminidan boshlagani muhim ahamiyatga ega. Bu albatta davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga, qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan yuksak hurmat-e’tiboridan dalolat beradi.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 10-noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida: “Men nafaqat o‘zbek xalqining, balki qoraqalpoq xalqining ham farzandiman!”, deb ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, ushbu mintaqada yashayotgan aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtalib, jumladan: “Bundan buyon har bir tuman va shaharga, kerak bo‘lsa, chekka-chekka qishloq va ovullargacha kirib boramiz. U yerda istiqomat qilayotgan odamlarning dardini eshitamiz, muammolarini hal qilishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqamiz va ijrosini qat’iy nazoratga olamiz”, degan edi.
Aytish mumkinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bugungi tashrif ana shunday ezgu maqsadlarning, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida belgilangan vazifalarning yana bir amaliy ijrosi sifatida namoyon bo‘ldi.
Ma’lumki, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalari ham jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda yalpi hududiy mahsulotning qariyb yarmi, hududiy eksportning 75 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ish bilan band bo‘lgan aholining 75 foizi aynan shu sohada mehnat qilmoqda.
Ayni paytda bu hududning murakkab sharoiti, Orol dengizi bilan bog‘liq mintaqada yuzaga kelgan ekologik ofat aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, onalik va bolalikni himoya qilish, oila va mahalla institutlariga e’tibor qaratish, ayollar va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish kabi bir qator muhim masalalar yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan amaliy ishlarni talab etmoqda.
Ana shu maqsadda davlatimiz rahbari tashrif davomida oddiy odamlar bilan uchrashdi, oilalarga kirib, ularning turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Xalq bilan samimiy muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xo‘jayli tumani markaziy shifoxonasiga tashrif buyurdi. Zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlangan ushbu muassasa tumandagi 11 qishloq vrachlik punkti va 4 poliklinika bilan birgalikda 130 mingdan ziyod aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Salomatlik insonning eng qimmat boyligidir. Odamlarga salomatligini mustahkamlashda yordam ko‘rsatadigan mutaxassis eng sharafli kasblardan birining egasidir.
Shavkat Mirziyoyev shifoxonadagi sharoit bilan tanishdi, qabul, rentgen, diagnostika va qator boshqa bo‘limlarni ko‘zdan kechirdi. Shifokorlar bilan muloqotda malakali tibbiy kadrlar yetishtirish, tibbiy jihozlardan unumli foydalanish, xizmat malakasini oshirish, shifoxonalar qurishda har bir hududning o‘ziga xos iqlim sharoitidan kelib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng Prezidentimiz “Muruvvat” ayollar internatiga borib, ushbu muassasa faoliyati bilan tanishdi. Shifokor va hamshiralar bilan suhbatlashib, bu maskanda yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash uchun davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Tumandagi 69-maktab o‘qituvchilari bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida maktablarning infratuzilmasini yaxshilash, bu yerda litsey va kollejlarning bo‘lg‘usi munosib o‘quvchilarini tayyorlash va umuman Vatan ravnaqi uchun malakali kadrlar tarbiyalash ishlarini takomillashtirish mavzuida so‘z bordi.
Shavkat Mirziyoyev Agrosanoat markazi qurilayotgan uchastkaga ham tashrif buyurdi. 2017-2018-yillarda ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan ushbu majmua 11 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, qadoqlash binolari, shuningdek, terminal, yuk tushirish va ortish maydoni, muzxonalar, issiqxonalar, bojxona, angar, mehmonxona, ovqatlanish muassasasi, sport majmuasi kabi inshootlar barpo etiladi.
Shu yerning o‘zida Xo‘jaylida turar-joy infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari odamlar boshlangan o‘zgarishlarni o‘z hayotida his qilishi uchun joriy yil yakunigacha 40 ko‘p qavatli turar-joy binosi barpo etish va foydalanishga topshirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.
Shavkat Mirziyoyev “Qoraqalpog‘iston” qishloq vrachlik punktida ham bo‘ldi. Shifokorlar bilan suhbat asnosida aholining davlat idoralariga ishonchini mustahkamlashda tibbiyot muassasalari xodimlarining faoliyati alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi. Qishloq vrachlik punktlarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan bir qatorda dori-darmon va boshqa zarur ashyolar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz Shumanay tumani Jumaboy Bozorov nomidagi bolalar musiqa va san’at maktabiga tashrif buyurdi. 211 o‘quvchi ta’lim olayotgan bu dargohda milliy musiqa asboblari, fortepyano, xoreografiya, tasviriy san’at kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishda dars o‘tiladi. Muassasa ochilganiga atigi bir necha yil bo‘lganiga qaramay, uning o‘quvchilari qator tanlovlarda, xususan, 2-marta mamlakatimiz miqyosida o‘tkazilgan ko‘rikda birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan muloqot chog‘ida jamoatchilik vakillari O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov yosh avlodni jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol etib voyaga yetkazishga alohida e’tibor bergani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev u kishining bu boradagi xayrli ishlarini izchil davom ettirayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Agroservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Qanliko‘l tumani filialida ham bo‘lib, bahorgi dala ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish haqida fikrlashdi. Tumanda paxta maydonini bosqichma-bosqich qisqartirib, chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Qanliko‘l pedagogika kollejida bo‘lgan muloqotda Prezidentimiz kollej mutaxassisliklarini zamon talabiga mos ravishda o‘zgartirish, tuman iqtisodiy-ijtimoiy hayoti uchun zarur kadrlar tayyorlash kerakligini ta’kidladi. Ilmiy, badiiy adabiyotlarni qoraqalpoq tiliga o‘girish, chop etish va ta’lim maskanlariga yetkazib berish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Davlatimiz rahbari Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi boshlanishi bilan tanishdi. 101 kilometrlik ushbu suv tarmog‘i ishga tushirilgach, bir kecha-kunduzda 7 ming kub metr suv uzatish va 25 mingdan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.