26.06.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-iyun kuni avtomobil sanoatida joriy yil uchun belgilangan ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, tarmoqning rivojlanish istiqbollarini belgilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Avtomobil sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishi, lekin keyingi paytlarda ishlab chiqarish va eksport hajmi kamaygani qayd etildi. Tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani tanqid qilindi.
“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tizimida qarzdorlik yuzaga kelgan. O‘tgan yili kompaniyaning bir nechta korxonasi faoliyatini zarar bilan yakunlagan. Avtomobillar yillar davomida o‘z tannarxidan past qiymatda eksportga sotilgan. O‘z navbatida, tannarxni tushirish bo‘yicha salmoqli ish qilinmagan.
Davlatimiz rahbari avtomobilsozlikda mahsulot tannarxini kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, importni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish, avtomobillar ishlab chiqarish, ichki va tashqi bozorlarda sotish tizimini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Mamlakatimizda avtomobilsozlik tarmog‘ini yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Avtosalonlarning joylashishi va avtomobillar taqsimotini qayta ko‘rib chiqish, ichki bozorda avtomobillarni sotish tizimini tartibga solish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.