15.06.2018
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyun - Ramazon hayiti kuni Islom sivilizatsiyasi markazi qurilish maydoniga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili 1-sentabr kuni poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasida bo‘lib, mazkur markaz qurilishi, maqsad va vazifalari yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda mazkur qadimiy majmua yonidan o‘n gektarga yaqin joy ajratildi. Loyiha ishlab chiqilib, hudud qurilishga tayyorlandi.
15-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga ramziy tamal toshi qo‘ydi.
Davlatimiz rahbari tadbirga yig‘ilgan diniy ulamolar va barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti bilan tabriklab, markaz qurilishining shunday ulug‘ ayyom kunida boshlanayotgani zamirida ezgu niyat, chuqur mazmun borligini ta’kidladi.
Bu markazni qurishdan maqsad islom ma’rifatini o‘rganish, bobolarimizning buyuk merosini avvalambor xalqimizga, dunyo hamjamiyatiga yetkazishdir. Xudo xohlasa, hamma sa’y-harakatlarimiz yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ilm-fanga, madaniyatga, tinchlik-osoyishtalikka zamin yaratadi, dedi Prezident.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritadigan ushbu markazning asosiy g‘oyasi ajdodlarimizning islom dini rivojiga ulkan hissasini targ‘ib etish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishdir. Shu maqsadda bu yerda muzey tashkil etiladi, ilmiy faoliyat yo‘lga qo‘yiladi. Vatanimizdan yetishib chiqqan olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiyadagi o‘rni tadqiq etiladi. Ularning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlari keng targ‘ib qilinadi. Mumtoz adabiyot va san’at namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyati chuqur ochib beriladi.
Markaz binosi yurtimizdagi qadimiy madrasalar ko‘rinishida, gumbazli qilib quriladi. Kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, konferensiya zali, xizmat xonalari va boshqa ob’ektlarni o‘z ichiga oladi.
Biz shunday buyuk merosning davomchilari bo‘la turib, ilmda ortda qoldik. Bugungi tashabbuslarimiz, boshlagan ishlarimizni barcha musulmon mamlakatlari tan olyapti. Endi shunga munosib bo‘lishimiz, ilm-ma’rifatda o‘rnak bo‘lishimiz kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Jamiyatimizda mehr-oqibat muhitini yaratish, adashganlarni avf etish, imom-xatiblar malakasini oshirish, yoshlar tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.