09.06.2018
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sindao shahrida o‘tayotgan ShHT sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.
Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni Xitoyga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli strategik sherikchillik va ko‘p formatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratishini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muvofiqiatli raislik va Sindao sammiti yuqori darajada tashkillashtirilgani bilan Xitoy rahbarini tabrikladi.
O‘zbekiston bilan Xitoy munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. O‘zaro manfaatli hamkorlik barcha muhim sohalarni qamrab olganva izchil rivojlanib bormoqda. 2017-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan.
Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokida 700 dan ziyod korxona, qator kompaniyalar vakolatxonalari ochilgan. O‘zaro hamkorlikda sanoat, yuqori texnologiyalar, neft-gaz, kimyo, transport va logistika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining bugungi holati atroflicha tahlil qilindi. Iqtisodiyot, savdo, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, yuqori texnologiyalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Ushbu hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashritishga ikki mamlakatlar o‘rtasida hududlararo aloqalarni rivojlantirish muhimligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar tashkiloti, ShHT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanligi qayd etildi.