18.05.2018
Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashingtondan qaytib, Toshkent xalqaro aeroportida yangi Boing-787 samolyotini ko‘zdan kechirdi.
Dreamliner, ya’ni «orzu layneri» deb nomlanuvchi ushbu havo kemasi 14 ming kilometrga to‘xtovsiz ucha oladi. 270 yo‘lovchi o‘rniga ega. Samolyot borti kompozit materiallardan tayyorlangani yoqilg‘i tejamkorlikni ta’minlaydi. «Aqlli» texnologiyalar, salondagi kamfort yo‘lovchilarga zamonaviy qulaylik yaratadi.
Ma’lumki, ilgari 2 ta shunday samolyot sotib olingan edi. Prezidentimizning joriy yil fevral oyidagi topshirig‘iga muvofiq, juda qisqa vaqtda yana bitta Dreamliner xarid qilindi. Davlatimiz rahbarining AQShga rasmiy tashrifi yakunida ushbu havo kemasi yurtimizga olib kelindi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu avialaynerni ko‘zdan kechirdi, xizmat ko‘rsatish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Milliy aviakompaniya orqali qatnovchi yo‘lovchilarni ko‘paytirish, odamlarga qulayliklarni oshirish zarurligini ta’kidladi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari”dan ma’lum qilishlaricha, kuni kecha Vashington shahrida milliy aviakompaniya bilan AQShning “Boing” kompaniyasi o‘rtasida bitim imzolangan. 2019-yilda ikkita, 2020-yilda yana bitta Dreamliner olib kelinadi.