17.05.2018
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp qabul qildi. Prezident Sh.Mirziyoyevning Oq uyga ilk tarixiy tashrifi O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.
Muzokaralar davomida Prezident D.Tramp O‘zbekistonning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetiga qat’iy sodiqligini ta’kidladi. Shuningdek, u Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan ulkan yutuqlarni e’tirof etdi. Prezidentlar keng jabhadagi o‘zaro ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida 2002 yilda imzolangan strategik sheriklik to‘g‘risidagi Deklaratsiyaga yangicha sur’at bag‘ishlash maqsadida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga kelishib oldilar.
Prezident Sh.Mirziyoyev O‘zbekistonda islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan progress orqaga qaytmaslik xususiyatiga ega ekanligini ta’kidladi. U davlat organlari xalq manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yishlari lozimligini qayd etdi. O‘zbekistonning besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoy sohani rivojlantirish hamda ochiq va konstruktiv tashqi siyosat olib borishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Prezident D.Tramp terrorizmga qarshi kurashishda Qo‘shma Shtatlarning O‘zbekiston bilan azaliy sherikligini qayd etib o‘tdi. 2001 yil 11 sentyabrdagi mudhish voqealardan so‘ng, O‘zbekiston AQShga o‘ta muhim logistik imkoniyatni taqdim etganligi hamda “Al-Qoida” terrorchilarini Afg‘onistondan siqib chiqarishda ko‘mak ko‘rsatganligini ta’kidladi. Prezident Sh.Mirziyoyev tashrif davomida AQSh Prezidentining Janubiy Osiyo bo‘yicha strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mas’uliyatni taqsimlash va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini hal etish, shu jumladan, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslari muhokama etildi.
Prezident D.Tramp kuchli va mustaqil Markaziy Osiyoning muhimligini qayd etdi hamda Prezident Sh. Mirziyoyevning 2017 yil noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan konferensiyada ilgari surgan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining hamkorlik muloqoti yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan qarshi oldi.
Prezident Sh.Mirziyoyev joriy yil mart oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etganligi, bu mintaqalararo savdoni rivojlantirish va xavfsizlikka oid tahdidlar bo‘yicha birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yangi imkoniyatlar ochib berganligi qayd etildi. Prezident D.Tramp ushbu muhim muloqotda O‘zbekiston asosiy rol o‘ynashini e’tirof etdi hamda Qo‘shma Shtatlar «S5+1» mintaqaviy formati orqali hamkorlik va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Prezidentlar Afg‘onistonning Markaziy Osiyodagi ko‘p tomonlama hamkorlik formatlarida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatladilar.
Mintaqaviy hamkorlik
Prezident D.Tramp Prezident Sh.Mirziyoyevni uning xalqaro hamjamiyatning “Tolibon” afg‘on hukumati bilan tinch muzokaralarni boshlashi lozimligi to‘g‘risidagi yagona pozitsiyasi tasdiqlangan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan qutladi. Prezident Sh.Mirziyoyev va Prezident D.Tramp Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va tinch aholisiga qarshi qaratilgan jirkanch terrorchilik hujumlarini qattiq qoraladilar hamda Afg‘oniston duch kelayotgan xavf-xatarlarga barham berish bo‘yicha muloqotni kengaytirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar.
Prezident Sh.Mirziyoyev Afg‘oniston hukumatini to‘liq siyosiy qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi hamda 2017 yil dekabrda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining O‘zbekistonga tashrifi, uning yakuni bo‘yicha ikki hukumat o‘rtasida savdo aylanmasini ko‘paytirish va o‘ta muhim infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bir qator bitimlar imzolanganiga e’tibor qaratdi. Prezident D.Tramp O‘zbekistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarda muhim rol o‘ynayotganligini e’tirof etib, mamlakatning Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishladi. U O‘zbekiston tomonidan rejalashtirilayotgan Afg‘onistondagi temir yo‘l va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga siyosiy va konsultativ ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Prezident Sh.Mirziyoyev Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishishga hissa qo‘shayotgan Shimoliy ta’minot tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini tasdiqladi. O‘zbekiston va AQSh Afg‘oniston bilan chegaralar xavfsizligini ta’minlash hamda giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasining oldini olishda yaqindan hamkorlik qilishlari e’tirof etildi.
Ikki davlat rahbarlari ekstremizm va xalqaro terrorizmni qoraladilar hamda umumiy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini qayd etdilar. Ular, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan kelishuvlarni amalga oshirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar hamda besh yilga mo‘ljallangan ilk harbiy hamkorlik Rejasini amalga tatbiq qilish orqali mudofaa sohasidagi aloqalarni mustahkash muhimligini ta’kidladilar.
Islohotlar va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash
Prezident D.Tramp “vijdon mahbuslari”ning ozod qilinganligi, bolalar mehnatidan muntazam foydalanishning tugatilganligi va majburiy mehnat ko‘lamini qisqartirishda erishilgan sezilarli yutuqlarni qayd etgan holda, Prezident Sh.Mirziyoyevning O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq holatni yaxshilashga oid keng islohotlar dasturini mamnuniyat bilan qarshi oldi. Ushbu yutuqlar iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratishi ta’kidlandi. Prezident D.Tramp davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish va ichki barqarorlikni ta’minlashning asosiy omili sifatida davlatning xalq oldidagi oshkoraligi va hisobdorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Davlat rahbarlari inson erkinliklarini himoya qilish, shu jumladan, diniy erkinlikni ilgari surish bo‘yicha konstruktiv hamkorlikni faollashtirish tarafdoridirlar. Prezident Sh.Mirziyoyev diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni hayotga tatbiq qilishga qat’iy tayyor ekanligini aytib o‘tdi.
Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikka o‘z hissasini qo‘shadigan Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlarining O‘zbekistonda akkreditatsiya qilinishini olqishladilar. Prezident D.Tramp AQSh O‘zbekistonda ingliz tili bo‘yicha ta’lim dasturlarini amalga oshirishda ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini ta’kidladi hamda “Amerika ovozi”ning O‘zbekistonda akkreditatsiya qilinganligi va uning Amerika ommaviy axborot vositalari uchun ushbu mamlakatda keng imkoniyatlar yaratishini yuqori baholadi.
Iqtisodiy hamkorlik
Prezident Sh.Mirziyoyev va Prezident D.Tramp o‘zaro savdo hajmini oshirish va har ikki mamlakatda ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashadigan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlarini o‘rganishga qat’iy tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Prezident Sh.Mirziyoyev O‘zbekistonda oshkoralik va hisobdorlik xalqaro standartlarini joriy qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda AQSh kompaniyalari va investorlariga mamlakat bozoriga kirish imkoniyatini taqdim qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Davlat rahbarlari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo, moliya, turizm, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohalarida yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun mavjud imkoniyatlarni o‘rganishga kelishib oldilar. Tashrif davomida O‘zbekiston va AQSh kompaniyalari o‘rtasida 20 dan ortiq yirik shartnomalar imzolanganligi va ular hayotga to‘laqonli tatbiq qilingan taqdirda, 4,8 milliard dollar miqdorida baholanishi va AQShda 10 ming ish o‘rinlarini saqlab qolishi hamda kelgusida bir necha milliard dollar miqdoridagi shartnomalar uchun imkoniyatlar yaratishi mumkinligi e’tirof etildi.
D.Tramp Prezident Sh.Mirziyoyevning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatladi va O‘zbekistonning iqtisodiy lider sifatida o‘sib borayotgan rolini e’tirof etdi. U joriy yilda mamlakatda Markaziy Osiyo savdo forumini va Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSh o‘rtasida savdo va investitsiyalarga oid hadli Bitim bo‘yicha Kengash yig‘ilishini o‘tkazishga doir O‘zbekiston taklifi bundan dalolat berishini ta’kidladi. Prezident Sh.Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga intilayotganini qayd etdi, Prezident D.Tramp O‘zbekiston o‘z savdo rejimini tashkilot normalariga muvofiq liberallashtirish bo‘yicha kun tartibidagi islohotlarni amalga oshirgani sayin AQSh unga texnik ko‘mak ko‘rsatishini ta’kidladi. O‘zbekiston Fonogramma ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini, ularning fonogrammalarini qonunsiz ishlab chiqarishdan himoya qilish to‘g‘risida Jeneva konvensiyasi va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining internet bo‘yicha shartnomalariga qo‘shilish orqali intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga sodiq ekanligini bildirdi. Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish ikki tomonlama savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ochish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.