04.05.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbatda davlat rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Siyosiy iroda va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tufayli O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarda mavjud ulkan salohiyat to‘liq ro‘yobga chiqayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Hamkorlikning erishilgan yuksak darajasi qardosh mamlakatlar va xalqlar sherikligining yorqin namunasi ekani alohida qayd etildi.
Qisqa muddatda hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ulkan natijalarga erishildi. Ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor 2018-yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilindi, 15-mart kuni Ostonada uning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. O‘zaro savdo hajmi izchil o‘sib, iqtisodiyotning turli sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. Aviaparvozlar soni, avtomobil va temir yo‘l tashuvlari, avtobuslar qatnovi ko‘paydi. Madaniy-gumanitar va sayyohlar almashuvi kengaymoqda.
Shu haqda so‘z borar ekan, qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishnig samarali mexanizmi bo‘lgan Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati amaliy natijalar berayotgani ta’kidlandi.
Suhbatda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil mart oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining birinchi sammiti samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Suhbat yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida serqirra hamkorlikni kengaytirish hamda ko‘p asrlik do‘stlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash borasida qat’iy azmu shijoatga ega ekanliklarini ta’kidladilar.