01.01.2017
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Betakror diyorimizga yangi – 2017-yil kirib kelmoqda.
Siz, muhtaram otaxon va onaxonlar, mehribon opa-singillarimiz, navqiron yoshlarimiz, butun xalqimizni yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va quvonch tilayman.
Poyoniga yetayotgan 2016-yilda yurtimiz hayotida yaxshi kunlar, ulkan yutuq va marralar ko‘p bo‘ldi. Shu bilan birga, afsuski, boshimizga og‘ir tashvish va sinovlar ham tushdi.
Lekin bu sinovlar el-yurtimizni yanada birlashtirdi. Mard xalqimizning matonati tufayli biz bu sinovlardan ham munosib o‘tdik.
Yakuniga yetayotgan yil avvalo mustaqil Vatanimiz 25 yoshga to‘lgan yil sifatida tariximizda o‘chmas iz qoldirmoqda.
O‘tayotgan yilni dehqon va fermerlarimiz, ishchi va quruvchilar, o‘qituvchi va shifokorlar, jasur harbiylarimiz, olimlar, ijodkor ziyolilar – barcha kasb egalari o‘z sohalari bo‘yicha yorug‘ yuz bilan yakunladilar.
Ayniqsa, yurtimiz sportchilari Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlarida erishgan beqiyos yutuqlar mamlakatimiz shuhratini butun dunyoda yanada yuksaltirdi.
Bir so‘z bilan aytganda, o‘tib borayotgan yildan rozi bo‘lib, har qancha shukrona aytsak arziydi.
Qadrli do‘stlar!
Biz kirib kelayotgan 2017-yilga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nom berdik.
Buning negizida “Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan olijanob maqsad va vazifalar yotibdi.
Yangi yilda bu boradagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda barchamizning, avvalo, rahbar va yetakchilarning bir jonu bir tan bo‘lib, astoydil mehnat qilishlariga ishonaman.
Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash bundan buyon ham asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.
Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!
Mana shu quvonchli damlarda barchangizni Yangi yil bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Yurtimizdagi har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, baxt va omad hamda farovonlik tilayman.
Yangi – 2017-yilning qadami jonajon Vatanimizga qutlug‘ va barakali kelsin!
Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!