26.04.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-aprel kuni “Obod qishloq” dasturiga muvofiq qishloqlarni obodonlashtirish ishlarini sifatli tashkil etish va jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qishloqlarda qurilish va obodonlashtirish ishlari kompleks yondashuvlar asosida olib borilmagani oqibatida qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasi eskicha ko‘rinishda qolgan edi. Ba’zi joylarda uylar tartibsiz qurilib, infratuzilma ob’ektlari qarovsiz ahvolga kelgandi.
Shavkat Mirziyoyev: xarob va fayzi yo‘q joyda yashayotgan aholining kayfiyati ham, kelajakka intilishi ham bo‘lmaydi. Ikkinchi tomondan, ular ham fuqarolarimiz, nima uchun ular sharoit yo‘q joyda yashashi kerak? Biz qishloqlarni obod qilsak, u yerdagi xalqning kayfiyati o‘zgaradi, ularda o‘z hayotini yanada yaxshilashga intilish paydo bo‘ladi, qishloqlar iqtisodiy o‘sadi. Buning natijasida Vatanimiz obod bo‘ladi va mamlakatimizning iqtisodiy yuksalishi uchun yana bir muhim turtki bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Jizzax viloyati Do‘stlik tumani Manas qishlog‘ida amalga oshirilgan obodonchilik ishlari xayrli tajriba bo‘ldi. Bu tajribadan kelib chiqib, mamlakatimizdagi barcha qishloqlarni bosqichma-bosqich obod qilish maqsadida “Obod qishloq” dasturi ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29-martdagi farmoni va qarorida ushbu dasturni amalga oshirishga qaratilgan muhim vazifalar va mexanizmlar belgilab berildi.
Dasturga muvofiq joriy yilda respublikadagi har bir tumanda 2 tadan qishloqda, keyingi yildan boshlab esa har yili har bir tumanda 3 tadan qishloqda keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xususan, joriy yilda 368 ta qishloq obod qilinishi tasdiqlangan. 127 mingta uy-joylarni ta’mirlash va atrofini obodonlashtirish, 1 ming 900 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, qariyb 2 ming kilometr elektr va 263 kilometr gaz tarmoqlari barpo etish, 850 ta ijtimoiy hamda 2 ming 400 ta bozor infratuzilmasi ob’ektlari qurish va ta’mirlash, 440 kilometr yo‘llarni kapital ta’mirlash, 470 ta zamonaviy avtobus xarid qilish, 330 dan ziyod bekat qurish va yangi qatnov yo‘nalishlarini ochish ko‘zda tutilgan.
Prezident ushbu keng miqyosli ishlarni tashkillashtirish, moliyalashtirish, loyihalashtirish va sifatli bajarish bilan bog‘liq har bir masalaga alohida to‘xtaldi. Qishloqlarning bosh rejalarini ishlab chiqish, buning uchun zarur mablag‘ ajratish va maxsus shtablar ishini samarali tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Dasturning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi qurilish materiallari ta’minotiga bog‘liqligi ta’kidlanib, zarur materiallarni joylarga yetarli miqdorda va arzon narxda yetkazib berish masalalari ham muhokama qilindi.
Hokimliklarga uy-joylarni ta’mirlash uchun kerak bo‘lgan qurilish materiallari turlari va miqdorini aniqlab, qishloqlarda ularning savdosini tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Qishloqlar aholisi ma’naviyatini va huquqiy madaniyatini oshirish, ayrim odamlarni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, hamma o‘z uyi ostonasini o‘zi obod qilishi zarurligini tushuntirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Qishloqlarda muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash, maishiy xizmat turlarini ko‘paytirish orqali aholi ehtiyojini qondirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi. Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.