02.04.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-apreldagi PQ-3645-son qarori
Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi.
Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib bordi.
O‘tgan asrning 80-yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog‘ida Chingiz Aytmatovning adolat va haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning sha’ni va obro‘-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurtimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi. Betakror ijodkorning davlatimiz tomonidan “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangani ham shundan dalolat beradi.
Atoqli adib o‘zbek adabiyoti va san’atining yirik namoyandalari bilan yaqin do‘st va ijodiy hamkor bo‘lgani yosh adiblarimiz uchun yuksak ibrat namunasidir.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatimizda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda. O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozitsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zining noyob iste’dodi va jo‘shqin ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni, adabiy-madaniy aloqalarimizni rivojlantirish ishiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda tavalludining 90 yilligini munosib nishonlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va jamoatchilik vakillarining buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda Tashkiliy qo‘mita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qo‘mita bir oy muddatda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
Ushbu chora-tadbirlar rejasida:
“Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;
Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;
yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish;
Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga adib nomini berish;
Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib byustini o‘rnatish;
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda “Chingiz Aytmatov va o‘zbek adabiyoti” mavzusida ilmiy konferensiya o‘tkazish;
mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish;
2018 yil dekabr oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish tadbirlari ko‘zda tutilsin.
4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev