26.03.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQShning nufuzli delegatsiyasi rahbari, AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, birgalikdagi sa’y-harakatlar O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlaganini alohida ta’kidladi. Oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama muloqotlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilib, uni amaliy mazmun bilan boyitmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan muntazam siyosiy muloqotga yuksak baho berildi. Savdo, investitsiya va yuqori texnologiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda AQShning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekiston va AQSh afg‘on mojarosini tinch siyosiy yo‘l bilan hal etish bo‘yicha jarayonni tez fursatda boshlash tarafdori ekanliklari ta’kidlandi.
Afg‘oniston hukumatining mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik jarayonlariga qo‘shilish bo‘yicha sa’y-harakatlarini ikki tomon ham qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani va uning ishida AQShning nufuzli delegatsiyasi ishtiroki uchun AQSh Prezidenti Donald Trampga minnatdorlik bildirdi.
AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Tomas Shennon ushbu anjumanda ishtirok etish taklifi uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnadorlik izhor qildi. Mazkur muhim xalqaro tadbirning o‘z vaqtida o‘tkazilayotgani va dolzarbligi alohida ta’kidlandi.
AQShlik diplomat mamlakatimizda davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati va iqtisodiyot sohalarida yangi bosqichda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.
O‘z mamlakati rahbariyati nomidan AQSh davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi.