21.03.2018
Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janoblari!
Navro‘z bayrami arafasida Xitoy hukumati va xalqi nomidan, shaxsan o‘z nomimdan Sizni va butun O‘zbekiston xalqini ushbu bayram bilan muborakbod etaman.
So‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari yangi strategik darajaga ko‘tarildi, bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalariga yangi hayotiy kuch bag‘ishladi. "Bir makon - bir yo‘l" qo‘shma loyihasi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil taraqqiy etmoqda, xalqaro va mintaqaviy masalalardagi o‘zaro aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishi xalqlarimiz uchun birdek foyda keltirmoqda. Xitoy-O‘zbekiston hamkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, Siz bilan do‘stlikni yuksak qadrlayman.
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Uyg‘onish, yasharish va yangilanish fasli - Navro‘z ayyomi munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va mushtarak ma’naviy qadriyatlarga asoslangan har tomonlama munosabatlar xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida yanada jadal rivojlanishiga ishonaman.
Hurmat bilan,
Nursulton Nazarboyev,
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Qirg‘iziston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni hamda sizning timsolingizda butun O‘zbekiston xalqini bahor ayyomi - Navro‘z bilan samimiy muborakbod etaman.
Navro‘zni nishonlash xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va anglashuv tamoyillariga asoslangan munosabatlar xalqlarimiz manfaati yo‘lida bundan buyon ham rivojlanib borishiga ishonaman.
Ehtirom ila,
Sooronbay Jeenbekov,
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni va birodar O‘zbekiston xalqini bahor va uyg‘onish ayyomi - xalqaro Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Umid qilamanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlari bundan buyon ham Navro‘zning hayotbaxsh g‘oyalaridan ilhomlanib, izchil taraqqiy etib boradi.
Hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezident
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Qadrli qardoshim!
Xalqaro Navro‘z ayyomi munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim, farovonlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.
Bir necha ming yillik tarixga ega Navro‘z bayrami mehmondo‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analari uyg‘unligi va ulug‘ insoniylik tamoyillarini mujassam etgan xalqlarimizning ma’naviy va madaniy boyligi hisoblanadi.
Ushbu ezgu ayyom Siz va xalqingizga tinchlik, baxt-saodat, yangi marralar olib kelsin!
Chuqur hurmat ila,
Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident, aziz qardoshim!
O‘lkalarimiz o‘rtasidagi qadim do‘stlik, qardoshlik, birdamlik va hamkorlikni o‘zida mujassam etib, kelajak avlodlarga yetkazgan Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylarini hamda do‘st va qardosh o‘zbek xalqini turk xalqi va shaxsan o‘z nomimdan eng samimiy tilaklarim ila tabriklayman.
Hurmat bilan,
Turkiya Respublikasi Prezidenti
Rejep Tayyip Erdog‘an
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
O‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizni va O‘zbekiston xalqini xalqlarimizning milliy va madaniy-ma’rifiy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami bilan samimiy qutlayman.
Xalqlarimiz irodasi bilan biz bundan keyin ham Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini birgalikda mustahkamlab borishimizga ishonaman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Xalqaro Navro‘z bayrami kirib kelishi munosabati bilan Afg‘oniston xalqi nomidan Siz Janobi Oliylari va birodar O‘zbekiston xalqiga o‘zimning eng samimiy tabriklarimni izhor etaman.
Mushtarak bayramimiz bilan yana bir bor muborakbod etgan holda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorliklar va aloqalarning kengayishiga ishonch bildiraman.
Muhammad Ashraf G‘ani,
Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti
Shuningdek,
Saudiya Arabistoni Qiroli Salmon Ibn Abdulaziz Al Saud
Indoneziya Respublikasi Prezidenti Joko Vidodo
Falastin davlati Prezidenti Mahmud Abbos
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi Muhammad bin Roshid Ol Maktum
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda va boshqalar tabrik yo‘llagan.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.