21.03.2018
Aziz vatandoshlar!
Jonajon yurtimiz – O‘zbekistonimizga yasharish, bahor va go‘zallik bayrami – Navro‘zi olam kirib kelmoqda.
Ana shu qutlug‘ ayyom – Sharqona yangi yil bilan siz, muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis opa-singillarimiz, suyukli farzandlarimiz, butun xalqimizni chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
\Qalblarimiz shodlik va quvonchga to‘lgan mana shu nurli lahzalarda barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman.
Qadrli do‘stlar!
Bugun ko‘pmillatli xalqimiz dala va qirlarda, maydon va xiyobonlarda, tabiat bag‘rida sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘z ayyomini kutib olmoqda.
Yetti yoshdan yetmish yoshgacha – barcha yurtdoshlarimiz katta shodu xurramlik bilan bir-birini qutlab, shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda.
El-yurtimizning tabarruk zaminimizga, ona diyorimizga mehri, o‘zaro ahillik, mehr-oqibat fazilatlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shu dilbar faslda tabiatdagi o‘zgarishlarga uyg‘un bo‘lib, jamiyatimiz, hayotimiz ham o‘zgarib, yangilanib bormoqda.
Yangi-yangi uy-joylar, ta’lim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, zamonaviy korxonalar, obod qishloq va shaharlar yurtimiz chiroyiga chiroy qo‘shmoqda.
Navro‘z falsafasi, Navro‘z qadriyatlari – odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, keksalarga hurmat, muhtoj insonlarga e’tibor va yordam ko‘rsatish, adolat va xalqparvarlik faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
Biz eng avvalo onalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz, butun xalqimizni rozi qilishni o‘z oldimizga ezgu vazifa qilib qo‘yganmiz. Va bu oliy maqsadga albatta erishamiz. Shunda hayotimiz yanada obod va farovon, buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har kunimiz Navro‘z bo‘ladi.
Bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta orzu-niyatlar bilan yangi mehnat mavsumini boshlamoqdalar. Barchamiz yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, mehnatingizdan baraka toping, deb ularni tabriklab, ishlariga rivoj tilaymiz.
Aziz do‘stlar!
Mana, bir necha yildirki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qaroriga muvofiq Navro‘z bayrami xalqaro miqyosda keng nishonlanmoqda.
Haqiqatan ham, bu betakror bayram barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtiradi, ularning qalbida eng go‘zal va olijanob tuyg‘ularni uyg‘otadi. Shu bois ham, Navro‘zi olam mustaqillik yillarida, millati, tili va dinidan qat’i nazar, diyorimizda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizning ardoqli va sevimli bayramiga aylandi.
Bugun chet el diplomatik korpus vakillari, xorijiy do‘stlarimiz va hamkorlarimiz Navro‘z quvonchini biz bilan birga baham ko‘rmoqdalar.
Fursatdan foydalanib, aziz mehmonlarimizga, barcha yaqin va uzoq davlatlar xalqlariga samimiy tabriklarimizni yo‘llab, ularga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Qadrli va muhtaram yurtdoshlarim!
Mana shu munavvar lahzalarda siz, azizlarga, butun xalqimizga eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Sharqona yangi yilimiz har bir oila, har bir xonadonga baxt va quvonch olib kelsin!
Barcha pok orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!