19.03.2018
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Vladimir Putinni 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovida erishgan ishonchli g‘alabasi bilan tabrikladi.
Saylov natijalari Vladimir Putin rahbarligida jamiyatni birlashtirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, iqtisodiyot, infratuzilma va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, davlat suverenitetini qat’iy himoya qilish va mamlakatning jahonda muhim o‘rin tutgan davlat sifatidagi rolini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan har tomonlama o‘ylangan siyosatga Rossiya xalqi tomonidan ulkan ishonch bildirilayotgani va nihoyatda keng qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyish etgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
2017-yilning aprel oyida Rossiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif, shuningdek, tomonlarning muntazam muloqoti ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilib, uni sifat jihatidan yangi, amaliy mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va ko‘plab boshqa sohalarda aniq natijalarga erishildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlari o‘rtasidagi hamkorlik faollashdi.
Sayyohlik va madaniyat sohasidagi almashinuvlar kengaymoqda, ta’lim va sog‘liqni saqlash bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari ikki tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish masalalari, shuningdek mintaqaviy va xalqaro siyosatning qator dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Suhbat yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga taklif etdi.
Rossiya Prezidenti samimiy qutlov va tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.